Mahalliy

Xitoy O‘zbekistonga sog‘in sigirlar eksportini oshirmoqda

Xitoyning Uchjun shahridan O‘zbekistonga navbatdagi 478 bosh yirik shoxli qoramol eksport qilindi. 2025-yil noyabr oyidan buyon esa mazkur shahardan mamlakatga jami 1 700 boshdan ortiq qoramol yetkazib berilgan bo‘lib, ularning asosiy qismini sog‘in sigirlar tashkil etadi.

Xitoy O‘zbekistonga sog‘in sigirlar yetkazib berish hajmini oshirmoqda.

"Sinxua" axborot agentligining xabar berishicha, Xitoyning shimoli-g‘arbiy qismidagi Uchjun shahridan O‘zbekistonga navbatdagi partiya jo‘natildi.

Mahalliy hokimiyat organlari eksport qilinayotgan barcha qoramollarning veterinariya-sanitariya talablariga to‘liq mos kelishini ta’kidladi. Har bir hayvon uchun dezinfeksiya va immunizatsiyadan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjatlar, shuningdek, karantin sertifikati rasmiylashtirilgan.

Uchjun shahar Qishloq xo‘jaligi va qishloq ishlari boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, mahalliy sog‘in sigirlar yuqori mahsuldorligi va kuchli genetik salohiyati bilan ajralib turadi. Bundan tashqari, hududda epizootik kasalliklarning oldini olish bo‘yicha yuqori standartlar uzoq yillardan buyon qo‘llanilib kelinmoqda.

Mutaxassislarning fikricha, Uchjun va Markaziy Osiyo mamlakatlarining iqlim sharoiti o‘xshash bo‘lganligi sababli, bu yerda parvarish qilingan sog‘in sigirlar O‘zbekiston sharoitiga tezroq moslashadi.

o‘zbekistoniqtisodiyotsavdoxitoyqishloq xo‘jaligisigirlar eksportichorvachilikveterinariya