Chexiyada ishlash uchun o‘zbekistonlik hamshiralar tayyorlanadi
O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasida tibbiyot xodimlarini tartibga solingan mehnat migratsiyasi asosida ishga joylashtirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilmoqda. Buning doirasida Chexiyada ishlash istagidagi o‘zbekistonlik hamshiralar uchun maxsus o‘quv kurslarini tashkil etish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.

O‘zbekistonlik hamshiralar Chexiyada ishlash uchun maxsus tayyorlanadi. Bu haqda O‘zbekistonning Chexiyadagi elchixonasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ma’lum qilindi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Migratsiya agentligi va Chexiya Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari Chexiyaning ZYLORA kompaniyasi bilan tibbiyot xodimlari va hamshiralarni tartibga solingan mehnat migratsiyasi asosida ishga jalb etish masalalarini muhokama qildilar.
Tomonlar ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, malakali mutaxassislarning Chexiyaga qonuniy va tartibli ishga joylashishini ta’minlash bo‘yicha fikr almashdilar. Shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi.
ZYLORA kompaniyasi vakillari kelgusida Chexiyada ishga joylashtirish uchun O‘zbekistonda hamshiralarni tayyorlaydigan ixtisoslashtirilgan o‘quv kurslarini tashkil etish imkoniyatini o‘rganayotganini bildirdilar.
Bundan tashqari, kompaniya Chexiyaga tibbiyot xodimlarini yuborish bilan bog‘liq amaldagi qonunchilik, me’yoriy-huquqiy baza va tartib-taomillarni batafsil o‘rganish niyatida ekanini ma’lum qildi.
Chexiyada ro‘yxatdan o‘tgan ZYLORA kompaniyasi xalqaro biznesni rivojlantirish, kompaniyalarni ro‘yxatdan o‘tkazish, moliyaviy va soliq masalalari bo‘yicha konsalting hamda xalqaro bank xizmatlarini ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi. So‘nggi yillarda kompaniya Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O‘zbekiston bilan iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda.

