Pragada “Made in Uzbekistan” milliy ko‘rgazma zali ochildi
Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov boshchiligidagi delegatsiyaning Chexiyaga xizmat safari amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Pragada "Made in Uzbekistan" milliy ko‘rgazma zali ochildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — "Dunyo" AA muxbirining xabar berishicha, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov boshchiligidagi delegatsiya Chexiyaga xizmat safari bilan bordi.
O‘zbekistonning Chexiyadagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan ushbu tashrif davomida Chexiya davlatining bir qator idoralarida uchrashuvlar o‘tkazildi.
Xususan, delegatsiya aʼzolari Chexiya standartlashtirish, metrologiya va sinovlar boshqarmasi (UNMZ), Metrologiya instituti (SMI) hamda Qurilish texnik va sinov instituti (TZÚS) vakillari bilan fikr almashdilar.
Muzokaralar davomida infratuzilmani rivojlantirish, savdodagi texnik to‘siqlarni bartaraf etish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Ishtirokchilar Yevropa Ittifoqining bozor nazorati tajribasini joriy etish masalalarini muhokama qildilar. Mutaxassislar metrologiya va standartlashtirish sohalarida hamkorlikni kengaytirish, sunʼiy intellekt texnologiyalarini amaliyotga tatbiq etish hamda ilmiy-innovatsion hamkorlikni rivojlantirish haqida so‘z yuritdilar.
Tashrif davomida Chexiyada malaka oshirishni tashkil etish va Chexiya Metrologiya instituti bilan hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan bir qator sheriklik hujjatlari imzolandi.
Praga shahridagi "Anděl Park" biznes majmuasida o‘z faoliyatini boshlagan "Made in Uzbekistan" milliy shourumi keng jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otdi.
Ushbu shourum O‘zbekiston mahsulotlarini Yevropa bozorida keng targ‘ib qilish, eksport salohiyatini oshirish hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning Chexiya va boshqa Yevropa Ittifoqi mamlakatlari ishbilarmon doiralari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorligini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Ekspozitsiyada O‘zbekistonning 17 ta yetakchi korxonasi tomonidan ishlab chiqarilgan 48 turdagi eksportbop mahsulot namoyish etildi.

