Dunyo

Xirosimaga atom bombasi tashlangan joyda noma’lum material topildi

Yaponiyada Xirosimaga atom bombasi tashlanganidan qariyb 81 yil o‘tib, olimlar Xirosima ko‘rfazi hududidagi plyaj qumlaridan ilgari noma’lum bo‘lgan materialni topdi. Bu haqda The Independent xabar berdi.

Tadqiqotchilar “xirosimaitlar” deb nomlangan zarrachalarni tahlil qildi. Bu zarrachalar atom bombasi portlashi natijasida hosil bo‘lgan yuqori harorat paytida erigan materiallarning mayda sharsimon bo‘laklaridir. Olimlar Science Advances jurnalida e’lon qilgan maqolasida shunday deyiladi: “Biz 1945-yil 6-avgustda atom portlashi paytida hosil bo‘lgan va Xirosima ko‘rfazining plyaj qumlarida topilgan noma’lum qotishma haqida xabar qilamiz”.

Zarrachalar smolaga botirilib, silliqlangan va mikroskop yordamida o‘rganilgan. Tadqiqotchilar atom portlashi paytida qurilish materiallari, metallar, tuproq, shisha va suv bug‘lanib ketishi natijasida hosil bo‘lgan noyob materiallarni aniqlagan. Portlashdan hosil bo‘lgan bug‘lar tezda mikroskopik tomchilarga aylangan va atrofdagi hududga cho‘kkan. Bu zarrachalarning aksariyati Xirosima ko‘rfazi qumlarida saqlanib qolgan.

Avvalgi tadqiqotlar bunday zarrachalar asosan 1800°C dan yuqori haroratda hosil bo‘lgan kalsiy, alyuminiy va kremniydan tashkil topgan shishalardan iborat ekanini ko‘rsatgan. Endi olimlar “xirosimait” materiallarining yangi turini aniqladi. Ular zarrachalar tarkibida temirga boy qotishmalarning mayda tomchilari borligini ma’lum qildi. Jumladan, u 63 foiz temir, 15 foiz xrom, to‘qqiz foiz nikel va yetti foiz kremniydan iborat.

**Xirosima va Nagasakidagi talafot**

Atom bombasi tashlangan kun Xirosimada taxminan 350 000 kishi bo‘lgan. Bomba portlaganidan so‘ng yer yuzasidagi harorat 3 000–4 000°C ga yetgan. 60 000 dan 80 000 gacha odam shu zahoti yoki o‘sha kunning o‘zida halok bo‘lgan. 1945-yil oxiriga kelib esa qurbonlar soni taxminan 140 000 kishiga yetgan.

Taxminan 69 000 dan 80 000 gacha kishi turli darajadagi tan jarohatlari olgan. Shahardagi 76 327 ta binoning 68 foizi to‘liq vayron bo‘lgan. Uch kun o‘tgach, ikkinchi atom bombasi Nagasakiga tashlangan. O‘sha kuni 40 000 dan 75 000 gacha odam halok bo‘lgan, yil oxiriga kelib esa Nagasakidagi qurbonlar soni 80 000 kishigacha yetgan.

tadqiqotyaponiyaxirosimaatom bombasinoma'lum material"xirosimaitlar"science advancestemirga boy qotishma