Dunyo

Yaponiyada 7,1 magnitudali zilzila yuz berdi (video)

**Yaponiyada 7,1 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi (video)**

Yaponiya janubi-g‘arbiy qismida 7,1 magnitudali zilzila qayd etildi. Kyodo agentligining xabar berishicha, bir necha kishi jarohat olgan.

Yaponiya meteorologiya agentligi (JMA) ma’lumotlariga ko‘ra, zilzila epimarkazi Kyusyu orolidagi Kumamoto prefekturasida, 10 kilometr chuqurlikda joylashgan. The Japan Times nashrining yozishicha, yer osti silkinishlari 28-iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 16:35 da kuzatilgan.

Qayd etilishicha, taxminan 30 daqiqadan so‘ng hududda 5 ballgacha bo‘lgan takroriy tebranish (aftershok) sodir bo‘lgan. Rasmiylar aholini yanada kuchliroq tebranishlar yuz berishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

NHK telekanali efirida zilzila markazi yaqinida bir nechta binolar qulab tushgani ko‘rsatildi. Uki shahri yong‘in xizmati telekanalga shaharda ko‘plab yong‘inlar chiqqani va favqulodda qo‘ng‘iroqlar soni keskin oshganini ma’lum qildi. Ob-havo agentligi Ariake va Yatsushiro dengizlari qirg‘oq hududlari uchun sunami xavfidan ogohlantirish berdi. Odamlarga sohil yaqiniga bormaslik tavsiya qilindi.

Shoshilinch o‘tkazilgan matbuot anjumanida hukumatning bosh vakili balandligi taxminan 1 metr bo‘lgan sunami to‘lqinlari kutilayotganini aytdi. Vazirlar Mahkamasi bosh kotibi Minoru Kiharaning bildirishicha, mamlakatdagi atom elektr stansiyalarida, jumladan, Kagosima prefekturasidagi Senday obyektida hech qanday nosozliklar aniqlanmagan.

Dastlabki sunami to‘lqinlari zilziladan ko‘p o‘tmay yetib kelgani aytilmoqda. Keyingi to‘lqinlar istalgan vaqtda kuzatilishi mumkin. Bosh vazir Sanae Takaichi X tarmog‘ida qoldirgan postida zilzila zonasidagi aholini xuddi shunday kuchli tebranishlar takrorlanishi mumkinligidan ogoh bo‘lishga chaqirdi. U hukumat zararni imkon qadar tezroq baholash ustida ishlayotganini qo‘shimcha qildi.

Kumamotoning boshqa shaharlarida, xususan, qo‘shni Nagasaki, Kagosima, Fukuoka, Saga va Miyadzaki prefekturalarida ham kuchli tebranishlar sezildi. Kyushu Electric kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Kumamoto prefekturasida taxminan 48 ming 300 ta xonadon elektr energiyasiz qolgan. Kompaniya odamlardan uzilgan elektr simlariga tegmaslikni va har qanday nosozliklar haqida xabar berishni so‘ramoqda.

Mamlakatda iyun oyi oxirida ham 7,2 magnitudali yer silkinishi qayd etilgandi. Oqibatda 11 kishi jarohat olgan, 100 ga yaqin binoga zarar yetgan. Shuningdek, tabiiy ofat ortidan 114 ta maktab yopilgan.

earthquakenatural disasterpower outagetsunamiaftershocksdamagecasualtiesjapan