Mahalliy

XDP amaldorlarni fuqarolarning shaxsiy hayoti va qadr-qimmatini hurmat qilishga chaqirdi

Xalq demokratik partiyasi mutasaddilarni aholi bilan muloqotda noqonuniy usullardan voz kechishga, qonun ustuvorligi, inson qadri va ijtimoiy tenglik tamoyillariga amal qilishga chaqirdi. Partiya qayd etishicha, xonadon va ko‘chalar holati joylardagi ishlar samaradorligi va infratuzilma bilan bevosita bog‘liq.

Xalq demokratik partiyasi (XDP) amaldorlarni fuqarolarning shaxsiy hayoti va qadr-qimmatini hurmat qilishga chaqirdi. Partiya hokimlar, mahalla raislari va turli tashkilotlar rahbarlarining fuqarolar uylariga kirib, xonadon va hovlilarni tartibga keltirishni talab qilishini Konstitutsiyaning buzilishi deb baholadi.

So‘nggi haftalarda kuzatilgan holatlar, jumladan, Shahrisabz tumani hokimi Samad Hasanovning fuqaro xonadonidagi sovitkichni ko‘zdan kechirgani va ayol bilan haqoratomuz muomala qilgani, shuningdek, mahalla vakillarining aholini jarima bilan qo‘rqitgani jamoatchilikning keskin noroziligiga sabab bo‘ldi.

Partiya “mutasaddilarni aholi bilan muloqotda shaxsning qadr-qimmati, sha’ni va obro‘sini kamsitish kabi noqonuniy usullardan butunlay voz kechib, qonun ustuvorligi, inson qadri, ijtimoiy tenglik va ijtimoiy sheriklik tamoyillariga amal qilishga” chaqirdi.

XDP Chinoz tumani hokimi Sherzod Salihovning obodonlashtirish va tartib bo‘yicha qandaydir talablar bajarilmagan taqdirda xonadonlarga “Uyatli xonadon”, mahallalarga esa “Sharmandali mahalla” kabi tamg‘alar o‘rnatilishi haqidagi tashabbusini alohida qayd etdi.

“Albatta, xonadonlarni, ko‘cha va mahallalarni obod qilish ezgu tashabbus, bu har bir fuqaroning ijtimoiy mas’uliyatidir. Biroq, bu ezgu tashabbusni amalga oshirish shaxsiy namuna, ijtimoiy hamkorlik, qonun va inson qadriga hurmat hamda amaliy yordam ko‘rsatish, qo‘llab-quvvatlash asosida tashkil etilishi maqsadga muvofiq”, — deya ta’kidlanadi XDP xabarida.

“Mahallalar, qolaversa, xonadonlar obodligi yo‘llar, ichimlik suvi, elektr va gaz ta’minoti, muhandislik kommunikatsiyalari, chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqib ketish kabi vazifalar samarali bajarilishi bilan bog‘liqdir. Bu borada mahalliy hokimliklar va boshqa mutasaddi tashkilotlar qonuniy majburiyatini o‘z vaqtida va sifatli bajarishi zarur”, — deya eslatdi partiya.

“O‘z hududida davlat tashkilotlari tomonidan amaliy g‘amxo‘rlik va real o‘zgarishlarni ko‘rgan yurtdoshlarimizda xonadonlar va atrof-muhitni obod qilishga intilish o‘z-o‘zidan kuchayishiga ishonchimiz komil”, — deyiladi bayonotda.

“Insonning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitish, qonunlarda nazarda tutilmagan ma’muriy choralar qo‘llashga urinish demokratik huquqiy davlat boshqaruvi tamoyillariga ziddir”, — deya ta’kidladi XDP.

Partiya fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining ustuvorligini ta’minlash hamda fuqarolar bilan muloqotda har bir mutasaddi odob-axloq qoidalariga rioya qilishi lozimligini qayd etdi.

public criticismuzbekistanhuman dignitylocal governmentconstitutional rightsxdprule of lawpublic officials