Mahalliy

Farg‘onada YPX xodimi mashina urib ketishi oqibatida halok bo‘ldi. YHXX buni yashiryapti

YTH 31 iyuldan 1 avgustga o‘tar kechasi O‘zbekiston tumanida sodir bo‘lgan. Guvohlar tunda xizmat vazifasini bajarayotgan YPX xodimini mast holatdagi haydovchi Spark mashinasida urib ketganini aytmoqda. Xodim og‘ir tan jarohati olib, vafot etgan.

Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanida yo‘l-patrul xizmati (YPX) xodimi avtomobil urib ketishi natijasida vafot etdi. Bu haqda Kun.uz nashrining ikki manbasi tasdiqladi.

Voqea 31-iyulga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. 30 yoshli haydovchi Spark rusumli avtomobilida xizmat vazifasini bajarayotgan 1994-yilda tug‘ilgan YPX xodimi H.K.ni urib yuborgan.

Hodisa guvohlarining so‘zlariga ko‘ra, Spark haydovchisi mast holatda bo‘lgan va to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan voqea joyidan qochib ketgan.

Marhumning mahalladoshlaridan biri Kun.uz bilan suhbatda shunday dedi: "Marhumning ikki nafar farzandi otasiz qoldi. U oilada to‘rt qizdan keyingi yagona o‘g‘il edi. Viloyat va tuman IIB xodimlari kelib, janozada qatnashishdi va marhum qoidabuzarni tutishda mardlarcha halok bo‘lganini, uning farzandlari doimiy davlat himoyasiga olinishini aytishdi. Afsuski, spirtli ichimlik ta’sirida rulga o‘tirish bir oilaga shunday musibatni olib keldi."

YHXX axborot xizmati rahbari Zoyir Yo‘ldoshev Kun.uz so‘roviga javoban, "munosabat 10 daqiqada viloyat YHXBning rasmiy kanalida e’lon qilinishini, boshqarma boshlig‘ining ruxsatisiz hatto unga ham ma’lumot berishmasligini" bildirdi. Biroq, oradan ikki kun o‘tganiga qaramay, hodisa yuzasidan hozircha rasmiy ma’lumot berilmadi.

uzbekistanyhxxdrunk drivingypxroad safetypolice officer killedhit-and-runtraffic accident