Mahalliy

Toshkent viloyatida YPX xodimiga 5 mln so‘m pora berishga uringan mast haydovchi ushlandi

Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanida mast holatda mashina boshqargan haydovchi yo‘l harakati qoidabuzarligini yashirish maqsadida YPX xodimiga 5 million so‘m pora berishga uringan vaqtida qo‘lga olindi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati axborot xizmati ma’lum qildi.

Joriy yilning 7-iyul kuni O‘rta Chirchiq tumani Qorasuv mahallasida xizmat olib borayotgan YPX inspektori Cobalt rusumli avtomobilni to‘xtatgan. Haydovchining hujjatlarini tekshirish jarayonida inspektorda uning spirtli ichimlik iste’mol qilganligi bo‘yicha shubha paydo bo‘lgan. Haydovchi spirtli ichimlik ichganini tan olgan, biroq tibbiy ko‘rikdan o‘tishdan bosh tortgan. Shundan so‘ng inspektor ma’muriy bayonnoma tuzib, avtomobilni vaqtinchalik saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirgan.

Jazodan qutulish niyatida haydovchi inspektorga pul taklif qila boshlagan. Xodimning bu haqda bildirgisiga asosan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Natijada haydovchi YPX xodimiga 5 million so‘m miqdoridagi pullarni pora sifatida berayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan O‘rta Chirchiq tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 211-moddasi (pora berish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda YPX xodimi bilan kelishmovchilik videosini joylashtirgan haydovchining uzr so‘ragani xabar qilingan edi. Shuningdek, Jizzaxda 100 ming so‘m pora olgan PPX inspektori 20,6 million so‘m jarimaga tortilgani ham ma’lum qilingan.

tashkent regionbriberydrunk drivingcorruptionypxcriminal chargesarrest