Iqtisodiyot

Wildberries omborlarini Qirg‘izistonga ko‘chirish taklif qilindi

Qirg‘iziston Savdo-sanoat palatasi prezidenti Temir Sariyev Wildberries kompaniyasining ayrim logistika obyektlari va omborlarini Qirg‘izistonda joylashtirish taklifini ilgari surdi. Bu haqda 24.kg nashri xabar berdi.

Qirg‘iziston Savdo-sanoat palatasi ma’lumotlariga ko‘ra, Temir Sariyev ushbu taklifni Qirg‘iziston—Rossiya ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishida bildirdi. Yig‘ilishda o‘zaro savdo aylanmasini 5 milliard dollarga yetkazish shartlari muhokama qilingan. Sariyev savdo yo‘lidagi uchta asosiy to‘siqni sanab o‘tdi:

* **Burokratiya va tartib-qoidalar:** Markirovka va hujjatlardagi tafovutlar tufayli biznes takroriy tekshiruvlardan o‘tishga majbur bo‘lmoqda.

* **Chegaradagi ushlanishlar:** Sanitariya tekshiruvlarining muvofiqlashtirilmagani va navbatlar tovarlarning buzilishiga olib kelmoqda.

* **Marketpleys xatarlari:** Rossiyadagi Wildberries omborlarida yuz berayotgan favqulodda vaziyatlar va yong‘inlar qirg‘izistonlik ishlab chiqaruvchilarga bevosita zarar yetkazmoqda.

“Omborlarni Qirg‘izistonga joylashtirish nafaqat foyda keltiradi, balki xavf-xatarlarni kamaytirishga ham yordam beradi. Tovarlarni bitta joyda saqlab bo‘lmaydi”, dedi Qirg‘iziston Savdo-sanoat palatasi rahbari.

**Wildberries’ga hujumlar**

Ukraina 18-iyuldan boshlab Moskva yaqinidagi Elektrostal (250 ming kvadrat metr), Tambov viloyatining Kotovsk (108 ming kvadrat metr), Krasnodar (100 ming kvadrat metr), Stavropol o‘lkasining Nevinnomissk (94 ming kvadrat metr) shaharlari, shuningdek, Sankt-Peterburg, Leningrad viloyati va Ryazan shaharlaridagi WB majmualariga hujum qildi.

Omborlardagi tovarlarning aksariyati kredit hisobiga sotib olingan, ular uchun soliqlar to‘langan, yetkazib beruvchilar oldidagi majburiyatlar esa saqlanib qolgan. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Wildberries’ga qilingan hujumlarni omborlarda dronlar va navigatsiya uskunalari uchun qismlar saqlangani bilan izohlagandi.

Wildberries Ukraina hujumlaridan zarar ko‘rgan sotuvchilarga kompensatsiya to‘lashni boshlagan. Kompaniya ofertasida marketpleys dron hujumlari uchun javobgarlikdan ozod etilgan. Kompaniya rahbari Tatyana Kim, shunga qaramay, “sotuvchilarni tashlab qo‘ymasliklari”ni aytdi. Iqtisodiy zarar kamida 180 milliard rublga baholanmoqda. Shu bilan birga, avvalroq Wildberries dron hujumlari sababli Qozog‘istonda ombor izlayotgani haqida xabar berilgandi.

e-commerceukrainerussiatradelogisticswarehouseskyrgyzstanwildberries