Iqtisodiyot

O‘zbekistonda Wildberries bilan ishlayotgan eksportchilar muammolari bo‘yicha alohida yig‘ilish o‘tkaziladi

ARTATEX to‘qimachilik kompaniyasi eksport hajmi kamaygani haqida murojaat qilgach, bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev Wildberries rahbariyati bilan alohida yig‘ilish o‘tkazishni topshirdi. Tadbirkorning aytishicha, bunga asosiy sabab — Wildberries omborlarida deyarli har kuni yong‘in sodir bo‘layotganidir.

O‘zbekistonda Wildberries bilan hamkorlik qilayotgan eksportchilar duch kelayotgan muammolar, xususan, debitorlik qarzdorligi masalasi bo‘yicha alohida yig‘ilish o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev topshiriq berdi.

Ushbu qarorga Xorazmdagi ARTATEX to‘qimachilik korxonasi rahbari Nargiza Bekmuratovaning 5-avgust kuni tadbirkorlar bilan uchrashuvda qilgan murojaati sabab bo‘ldi. Bekmuratovaning so‘zlariga ko‘ra, korxonaning eksport hajmi bu yil sezilarli darajada kamaygan.

ARTATEX kompaniyasi Yevropa mamlakatlari va AQShga mahsulot eksport qiladi. Korxonada qariyb 300 nafar xodim ishlaydi va odatda yillik eksport hajmi 3 million dollarni tashkil etadi. Biroq, bu yil eksport hajmining pasayishi kutilmoqda. Nargiza Bekmuratova bu holatga Wildberries orqali ishlash bilan bog‘liq muammolarni sabab qilib ko‘rsatdi.

"Bu yil eksportimiz kamaydi. Odatda yiliga 3 million dollarlik mahsulot eksport qilamiz. Sabab hammaga ma’lum: deyarli har kuni Wildberries’ning qaysidir omborida yong‘in chiqmoqda", — dedi tadbirkor. Uning qo‘shimcha qilishicha, bu vaziyat kompaniyada debitorlik qarzdorligi bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

Jamshid Xo‘jayevning ma’lum qilishicha, ushbu masala yuzasidan juma kuni alohida yig‘ilish o‘tkaziladi. "Men allaqachon kompaniya (Wildberries) rahbariyati bilan gaplashdim, ular yig‘ilishda masofadan turib ishtirok etadi", — dedi u. Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi rahbariyati bilan birgalikda mazkur muammoni hal etish bo‘yicha tizimli choralar ko‘rilishi ta’kidlandi.

Shuningdek, bosh vazir o‘rinbosari mutasaddilarga eksportchilarning debitorlik qarzdorligi bo‘yicha alohida ma’lumot tayyorlash va uni Wildberries rahbariyati bilan muhokama qilishni topshirdi.

Wildberries ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda marketpleys orqali O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar savdosi hajmi 1,4 milliard dollardan oshgan. Taqqoslash uchun, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning ma’lum qilishicha, bu ko‘rsatkich 2023-yilda 418 million dollar bo‘lgan. RF bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Denis Manturovga ko‘ra, 2024-yilda savdo hajmi 605 million dollarga yetgan.

Nargiza Bekmuratova, shuningdek, ST-1 tovarning kelib chiqish sertifikatini dam olish kunlari ham berishni yo‘lga qo‘yishni taklif qildi. Uning aytishicha, kompaniya eksport hujjatlarini kechqurun va yakshanba kunlari rasmiylashtiradi, ammo sertifikat beruvchi ekspert bo‘linmalari bu vaqtda ishlamaydi.

Jamshid Xo‘jayev xizmat to‘liq onlayn shaklga o‘tguncha, Xorazm viloyatida ST-1 sertifikatlarini shanba va yakshanba kunlari ham berishni tashkil etish bo‘yicha topshiriq berdi. "Eksportni shanba va yakshanba kunlari to‘xtatmaymiz", — dedi mas’ul idora vakili.

ARTATEX rahbari eksport mahsulotlarini laboratoriyada tekshirish xarajatlarini subsidiya qilinadigan xarajatlar ro‘yxatiga kiritishni ham so‘radi. Uning ta’kidlashicha, bunday tekshiruvlar Yevropa bozoriga chiqish uchun zarur, ammo qo‘shimcha xarajat talab qiladi.

Jamshid Xo‘jayev Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi va mutasaddi idoralarga taklif tayyorlab, eksperiment tariqasida Xorazm viloyatida qo‘llab-quvvatlash mexanizmini joriy etishni topshirdi. Shuningdek, tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Mirvoxid Azimovga kompaniyaning London va boshqa Yevropa bozorlariga chiqish loyihasini nazoratga olish vazifasi yuklatildi.

Uchrashuvda tadbirkor zaxira elektr ta’minoti uskunasi nosozligi va fabrika oldidagi yo‘lning ahvolidan ham shikoyat qildi. Bosh vazir o‘rinbosari elektr ta’minoti muammosini ikki kun ichida hal etish, yo‘lni ta’mirlash masalasini esa Shovot tumani hokimi bilan muhokama qilishni topshirdi.

2026-yil iyul-avgust oylarida Rossiyaning turli hududlarida, jumladan Elektrostal shahri, Samara, Vladimir va Tula viloyatlarida joylashgan Wildberries logistika obyektlari hamda taqsimlash markazlari Ukraina uchuvchisiz uchish apparatlari hujumlariga uchragan edi. Hujumlar oqibatida kompaniya ombor maydonlarining 15−20 foizdan ortig‘i shikastlangan va ishdan chiqqan. Mutaxassislar to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazilgan zararni 100−300 milliard rubl (taxminan 1,2−3,7 milliard dollar) deb baholamoqda. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ijtimoiy tarmoqlarda zarar ko‘rgan Wildberries omborlarini "Rossiya armiyasini dronlar uchun butlovchi qismlar, navigatsiya uskunalari va jihozlar bilan ta’minlashda ishtirok etgan logistika markazlari" deb atagan.

uzbekistanlogisticsdrone attackstradegovernment meetingwildberriesbusiness supportexport issues