Belarus O‘zbekistonga 4 ming tonna yuk ortilgan poyezd jo‘natdi
Belarusdan O‘zbekistonga «Slavyan karvoni» loyihasi doirasida ikkinchi yuk poyezdi yo‘lga chiqdi. Qariyb 4 ming tonna mahsulot ortilgan poyezd nafaqat O‘zbekistonga, balki Qirg‘iziston va Tojikiston bozorlariga ham yuk yetkazib beradi.

Belarus O‘zbekistonga 4 ming tonna yuk ortilgan poyezdni jo‘natdi.
Joriy yilning 3-avgust kuni Orsha-Vostochnaya temiryo‘l stansiyasidan "Belarus – Rossiya – Qozog‘iston – O‘zbekiston" yo‘nalishi bo‘yicha navbatdagi yuk poyezdi yo‘lga chiqdi. "Belarus temiryo‘llari" xabariga ko‘ra, ushbu poyezdga qariyb 4 ming tonna yog‘ochni qayta ishlash sanoati mahsulotlari va oziq-ovqat yuklangan. Bu yuklar O‘zbekistondan tashqari Qirg‘iziston va Tojikistonga ham yetkazib beriladi.
Shu bilan birga, 30-iyul kuni yo‘lga chiqqan birinchi poyezd 4 ming kilometrlik masofaning qariyb 2,5 ming kilometrini bosib o‘tib, hozirda Qozog‘iston hududi orqali harakatlanmoqda.
Loyihani amalga oshiruvchilarning ta’kidlashicha, "Slavyan karvoni" oziq-ovqat, kimyo, qurilish materiallari, yog‘ochni qayta ishlash va mashinasozlik mahsulotlari eksportchilari uchun yangi logistika imkoniyatlarini yaratadi. Bundan tashqari, ushbu yo‘nalish O‘zbekiston orqali Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari bozorlariga chiqish imkoniyatlarini ham kengaytiradi.
"Slavyan karvoni" loyihasi O‘zbekiston prezidentining joriy yil iyul oyida Belarusga amalga oshirgan rasmiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida yo‘lga qo‘yilgan.

