Iqtisodiyot

Belarusdan O‘zbekistonga ilk “Slavyan karvoni” yuk poyezdi yo‘lga chiqdi

Belarusdan O‘zbekistonga ilk to‘g‘ridan-to‘g‘ri qatnovchi 'Slavyan karvoni' yuk poyezdi yo‘lga chiqdi. U yog‘ochni qayta ishlash mahsulotlari, oziq-ovqat va omuxta yemni olib keladi. Qaytish yo‘nalishida esa Belarusga O‘zbekistonning qovunlari, quritilgan mevalari va to‘qimachilik mahsulotlari tashiladi.

Belarusdan O‘zbekistonga birinchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuk poyezdi – “Slavyan karvoni” – 30-iyul kuni yo‘lga chiqdi. Bu haqda BelTA davlat axborot agentligi xabar berdi.

Poyezd Vitebsk viloyatidagi Orsha-Sharqiy stansiyasidan jo‘natildi. Ushbu stansiya Belarusning barcha hududlaridan keladigan yuk vagonlarini jamlash uchun tanlangan. Poyezd Belarus – Rossiya – Qozog‘iston – O‘zbekiston yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanadi.

Vagonlarga yog‘ochni qayta ishlash mahsulotlari, omuxta yem, shuningdek, shakar va kartoshka kraxmali kabi oziq-ovqat mahsulotlari ortilgan. Kelgusida tashiladigan yuk turlarini kengaytirish rejalashtirilgan.

Belarus temir yo‘llari rahbari Valeriy Verenichning so‘zlariga ko‘ra, poyezd manzilgacha tarkibi ajratilmasdan va qo‘shimcha to‘xtashlarsiz yetib boradi.

“Bu yetkazib berish muddatini qariyb ikki baravar qisqartirish va yukning saqlanishini ishonchli ta’minlash imkonini beradi. Poyezd yo‘lovchi poyezdi jadvali bo‘yicha harakatlanadi, ya’ni uning qachon yo‘lga chiqishi va qachon manzilga yetib borishi aniq bo‘ladi. Tarkibga 20 tonna yuk sig‘adigan alohida konteynerlar ham qo‘shilishi mumkin. Shu tufayli Belarusdagi kichik korxonalar 60 tonnali butun vagon to‘lishini kutmay, yuklarni kichik partiyalarda jo‘natish imkoniyatiga ega bo‘ladi”, – dedi u.

Vitebsk viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi Aleksandr Rogojnik yuklarni temir yo‘l orqali tashish avtomobil transportiga nisbatan iqtisodiy jihatdan manfaatliroq ekanini ta’kidladi.

“20 tonnalik konteynerni temir yo‘l orqali yetkazib berish avtomobil transportiga nisbatan kamida bir yarim baravar arzonga tushadi. Agar avval bitta vagonni yetkazib berish ikki oygacha vaqt olgan bo‘lsa, endi ushbu poyezd O‘zbekistonga 5-7 sutka ichida yetib boradi”, – dedi u.

“Gap faqat bizning yuklarimizni yetkazib berish haqida ketayotgani yo‘q. Xuddi shunday poyezdlar O‘zbekistondan ham tovarlar bilan yo‘lga chiqadi. Ular yengil sanoat mahsulotlaridan tortib, oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, Belarusda yetishtirilmaydigan mevalargacha tashiydi. Bu hamkorlik har ikki tomon uchun ham manfaatli”, – deya qo‘shimcha qildi Rogojnik.

Shuningdek, u yaqin vaqtlarda O‘zbekistonga tashrif buyurib, Andijon viloyati rahbariyati bilan hamkorlik bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni imzolash rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

O‘zbekistonning yangi tayinlangan elchisi Nuriddin Mamatajonovning ma’lum qilishicha, qaytish yo‘nalishidagi poyezdlar Belarusga O‘zbekistonda yetishtirilgan qovunlar, quritilgan mevalar va to‘qimachilik mahsulotlarini olib boradi. “Belarus segodnya” nashri ma’lumotiga ko‘ra, tomonlar qatnovlar sonini oyiga to‘rtta poyezdgacha oshirishga tayyorligini bildirgan.

Iyul oyi boshida O‘zbekiston va Belarus prezidentlari strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzolagan edi. Shuningdek, 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritasi qabul qilinib, qishloq xo‘jaligi, ilm-fan, madaniyat, turizm, ijtimoiy himoya, mehnat migratsiyasi va favqulodda vaziyatlarning oldini olish sohalarida qator bitimlar imzolangan.

logisticseconomic cooperationbelarus-uzbekistan freight train"slavic caravan"direct rail linktrade routereduced delivery timecontainer shipping