Iqtisodiyot

O‘zbekiston Quvayt va Suriya bozorlariga chiqmoqda — nimalar eksport qilinyapti?

Eksport jarayonida avval foydalanib kelingan Eronning Bandar Abbos porti ishlatilmagan

O‘zbekiston Quvayt va Suriya bozorlariga chiqishni maqsad qilgan holda, yangi transport-logistika yo‘laklarini faol shakllantirmoqda. Bu haqda "Dunyo" axborot agentligi xabar berdi.

O‘zbekistonning Quvaytdagi elchixonasi milliy mahsulotlarni Quvayt va Suriya bozorlariga barqaror va tezkor yetkazib berish uchun yangi logistika yo‘nalishlari ustida ish olib bormoqda.

Samarqand viloyatida ishlab chiqarilgan gilam mahsulotlari Quvaytning "Montreal House Wholesale Co" kompaniyasi bilan tuzilgan shartnoma asosida yangi xalqaro logistika yo‘nalishi orqali muvaffaqiyatli yetkazib berildi. Bu jarayonda avval foydalanilgan Eronning Bandar Abbos portidan foydalanilmadi. Turkiyaning "Gulf Cargo" logistika operatori yangi yo‘nalishni xavfsiz va istiqbolli deb baholab, kelgusida yuklarni 15-20 kun ichida yetkazib berish mumkinligini ma’lum qildi.

Shuningdek, O‘zbekistonning Quvaytdagi elchixonasi Iroq orqali Quvaytga mahsulot yetkazib berish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Shu maqsadda Iroq Savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi hamda Kurdiston mintaqasi Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi bilan muzokaralar o‘tkazildi. Fors ko‘rfazidagi geosiyosiy vaziyatni hisobga olgan holda, Eron hududi orqali muqobil logistika yo‘nalishlaridan foydalanish imkoniyatlari ham tahlil qilinmoqda.

Suriya yo‘nalishida ham dastlabki natijalar qayd etildi. Joriy yil may oyida Halab shahrida O‘zbekiston savdo uyi va distribyutorlik markazi ish boshlagach, mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan yangi eksport shartnomalari imzolandi. Natijada O‘zbekistondan Suriyaga ilk bor o‘simlik yog‘i, kir yuvish vositalari hamda maishiy elektr jihozlarining dastlabki partiyalari eksport qilindi. Importyorlar ma’lumotiga ko‘ra, mahsulotlarni Turkiya orqali Suriyaga yetkazib berish muddati 10-15 kunni tashkil etmoqda.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, yangi transport-logistika yo‘laklari milliy mahsulotlarni Yaqin Sharq mamlakatlari bozorlariga uzluksiz va raqobatbardosh sharoitlarda yetkazib berishga xizmat qiladi.

uzbekistanlogisticssyriamiddle eastkuwaitexporttrade routescarpets