Iqtisodiyot

Buxoro viloyati va Belarus iqtisodiy hamkorlikni kengaytiradi

Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi delegatsiya Belarus Bosh vaziri o‘rinbosari Yuriy Shuleyko bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Buxoro viloyati va Belarus oʻrtasida iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilmoqda.

Toshkent, Oʻzbekiston (UzDaily.uz) — “Dunyo” AA muxbirining xabar berishicha, Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi delegatsiya Belarus Bosh vaziri oʻrinbosari Yuriy Shuleyko bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Muzokaralar davomida iyul oyida Minskda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston-Belarus oliy darajadagi muzokaralar natijasida erishilgan kelishuvlarning ijrosi hamda savdo-iqtisodiy va hududlararo aloqalarni yanada faollashtirish masalalari muhokama qilindi.

Belarus tomoni Oʻzbekistonni oʻzining ishonchli va vaqt sinovidan oʻtgan hamkori deb bilishini taʼkidlab, soʻnggi yillarda ikki mamlakat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi barqaror oʻsib borayotganini qayd etdi. Shu munosabat bilan, yil yakuniga qadar oʻzaro savdo hajmini 1 milliard dollarga, 2030-yilgacha esa 2 milliard dollarga yetkazish vazifasi belgilangani maʼlum qilindi.

Uchrashuvda hukumatlar, vazirlik va idoralar darajasidagi muloqotlarning izchil davom etayotgani, shuningdek, uchinchi Hududlararo forum yakunlari hududlararo sheriklikka yangi turtki bergani alohida taʼkidlandi. Hozirgi vaqtda yengil sanoat, qishloq xoʻjaligi va mashinasozlik sohalarida amalga oshirilayotgan qoʻshma loyihalarning aniq iqtisodiy samaradorligini taʼminlash ustuvor vazifa sifatida belgilandi.

Uchrashuv yakunida tomonlar erishilgan kelishuvlarni amaliy mazmun bilan boyitish va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish boʻyicha kelishib oldilar.

belarusiqtisodiy hamkorlikinvestitsiyalarbuxoro viloyatisavdo-iqtisodiy aloqalarhududlararo forumqo'shma loyihalartashqi savdo