Iqtisodiyot

Wildberries dron hujumlari sababli Qozog‘istonda ombor izlamoqda

Wildberries dron hujumlari sababli Qozog‘istonda ombor izlamoqda

Rossiyaning eng yirik onlayn savdo platformasi bo‘lgan Wildberries, Ukrainaning logistika markazlariga uyushtirgan hujumlari tufayli Qozog‘istonda yangi omborxona qidirishga kirishdi. Bu haqda "Kommersant" nashri ko‘chmas mulk bozoridagi to‘rtta manbaga tayanib xabar berdi.

Hozirda kompaniya 100 ming kvadrat metr maydon izlamoqda. Manbalardan birining ta’kidlashicha, Wildberries Qozog‘istondagi barcha mavjud omborlarni ijaraga olishga tayyor. "Kommersant" manbalarining tushuntirishicha, bu qadam bilan marketpleys o‘z quvvatlarining bir qismini Ukraina dronlari hujumlaridan himoya qilishni rejalashtirmoqda.

Qozog‘istonda mos obyektlarni topish oson bo‘lmasligi mumkin. NF Group maʼlumotlariga ko‘ra, 2025-yil oxiriga kelib mamlakatda 1,9 million kvadrat metr sifatli logistika maydonlari mavjud bo‘lgan, ammo ularning atigi 5,8 foizigina bo‘sh turibdi.

IBC Global ko‘chmas-mulk boshqaruvi hamkori Stanislav Ahmedzyanovning taʼkidlashicha, Qozog‘iston bozorida 100 ming kvadrat metrlik yagona blok mavjud emas. 2026-yil iyun oyi oxiriga kelib, turli shaharlarda jami 130 ming kvadrat metr bo‘sh maydon mavjud bo‘lgan. Ijaraning o‘rtacha narxi oyiga 1 kvadrat metr uchun 5,18 ming tengeni (10,78 dollar) yoki yiliga 130 dollarni tashkil etgan.

Wildberries Rossiyada ham logistika infratuzilmasini kengaytirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Biroq, Rossiyadagi bo‘sh ombor egalari hujum xavfi tufayli marketpleys bilan yangi ijara shartnomalarini imzolashga tayyor emaslar. Wildberries standart sug‘urta polislari omborning dron zarbalaridan ko‘rilgan zararini qoplamasligini taʼkidlagan edi.

Kompaniya matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Wildberries o‘zi faoliyat yuritayotgan mamlakatlarda logistika obyektlarini qurish bo‘yicha rejali ishlarni olib bormoqda. Xususan, Olmaota shahrida 100 ming kvadrat metrdan ortiq maydonga ega markaz, shuningdek, Ostonada 160 ming kvadrat metrdan ortiq maydonga ega obyekt qurilmoqda.

**Wildberries’ga hujumlar**

Ukraina 18-iyuldan boshlab Moskva yaqinidagi Elektrostal (250 ming kvadrat metr), Tambov viloyatining Kotovsk (108 ming kvadrat metr), Krasnodar (100 ming kvadrat metr), Stavropol o‘lkasining Nevinnomissk (94 ming kvadrat metr) shaharlari, shuningdek, Sankt-Peterburg, Leningrad viloyati va Ryazan shaharlaridagi WB majmualariga hujum qildi.

Omborlardagi tovarlarning aksariyati kredit hisobiga sotib olingan, ular uchun soliqlar to‘langan, yetkazib beruvchilar oldidagi majburiyatlar esa saqlanib qolgan. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Wildberries’ga qilingan hujumlarni omborlarda dronlar va navigatsiya uskunalari uchun qismlar saqlangani bilan izohlagan edi.

Wildberries Ukraina hujumlaridan zarar ko‘rgan sotuvchilarga kompensatsiya to‘lashni boshlagan. Kompaniya ofertasida marketpleys dron hujumlari uchun javobgarlikdan ozod etilgan bo‘lsa-da, kompaniya rahbari Tatyana Kim "sotuvchilarni tashlab qo‘ymasliklari"ni aytdi. Iqtisodiy zarar kamida 180 milliard rublga baholanmoqda.

logisticsukrainerussiadrone attackskazakhstane-commercewildberrieswarehouses