Mahalliy

Vyetnam, Janubiy Koreya, BAA va Hindistondan olib o‘tilgan narkotiklar Toshkentga yetib kelganida to‘xtatildi

Vyetnam, Janubiy Koreya, BAA va Hindiston orqali olib kelingan narkotik moddalar Toshkentda to‘xtatildi.

Tailanddan tranzit yo‘nalishlar orqali O‘zbekistonga 34 kilogrammdan ortiq giyohvandlik vositalarini olib kirishga bo‘lgan urinish fosh etildi. Bu haqda Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu transmilliy jinoiy guruh faoliyati ijtimoiy tarmoqlarda "Ramzan" nomi ostidagi shaxs tomonidan boshqarilgan va Tailanddan giyohvandlik vositalarini noqonuniy yetkazib berishni nazorat qilgan. Bunda transmilliy jinoyat guruhi bojxona xodimlarini chalg‘itish uchun puxta reja o‘ylab topgan. Eng avvalo, narkotik moddalarni olib kirish uchun O‘zbekistonga ilk bor kelayotgan qo‘shni davlat fuqarolari tanlangan. Ular ko‘p ham shubha ostiga tushmasligi mumkin, degan taxminga borilgan.

Dastlab Phuketdan uchib kelgan qo‘shni davlat fuqarosi quruq sud va turli ziravorlar qadoqlariga joylagan holda 7 kilogramm 180 gramm og‘irlikdagi kukunsimon mefedron sintetik giyohvandlik vositasini olib kirishga uringan vaqtida to‘xtatib qolingan. To‘g‘ridan-to‘g‘ri Tailanddan uchib kelayotgan yo‘lovchilar bilan giyohvandlik vositalarini olib kirishga urinish o‘zini oqlamaganini tushunib yetgan jinoiy guruh yangicha yo‘lga o‘tgan. Ya’ni, bojxona xodimlarini chalg‘itish maqsadida uchinchi davlatlar orqali o‘tuvchi murakkab logistik marshrutlardan foydalana boshlagan.

Keyingi holatda qo‘shni davlat fuqarosi dastlab Bangkokdan Vyetnamga, u yerdan esa Seulga va yakunida Toshkentga uchib kelgan. Ushbu shaxs harakatlangan uchta davlatning birontasida uning yuklari orasida 11 kilogramm 100 gramm og‘irlikdagi gashish moyi giyohvandlik vositalari borligini payqamagan.

Ushbu holatda yo‘lovchi giyohvandlik vositalarini kimga yetkazishini aniqlash maqsadida Chilonzor tumanidagi avtovokzalgacha pinhona kuzatib borilgan va o‘sha yerning o‘zida sumkasi belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilgan. Bunda ham narkotik moddalar shokolad pastasi, shampun, ketchup va turli ziravorlar qadog‘iga joylangan holda olib kelingan. Ma’lum bo‘lishicha, mazkur narkotik modda tranzit tarzida qo‘shni Qozog‘istonga olib chiqilishi rejalashtirilgan.

Navbatdagi holat Tailanddan uchgan yo‘lovchi dastlab Sharjaga va u yerdan Toshkentga yo‘l olganida fosh etilgan. Uning yuklari orasidagi yeguliklar qadoqlari ichida salkam 4,5 kilogramm og‘irlikdagi mefedron sintetik giyohvandlik vositasi xufiya tarzda yashirilgan bo‘lgan.

Transmilliy jinoiy guruhning so‘nggi urinishi tanlangan yo‘lovchi Bangkok—Dehli—Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha uchib kelganida fosh etilgan. Uning bagajidagi oziq-ovqat va shampun idishlari ichiga esa 11 kilogramm 860 gramm gashish moyi giyohvandlik moddasi yashirilgani aniqlangan.

Davlat xavfsizlik xizmati axborotiga ko‘ra, hozirda qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi (kontrabanda) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

mefedrongiyohvand moddalarnarkotik kontrabandasitailandxalqaro jinoyatgashish moyio'zbekiston dxxtoshkent