Mahalliy

Toshkentga Bangkokdan uchib kelgan xorijiy fuqarodan narkotik modda topildi

8 dona turli xil shirinliklar paketlari va 5 dona plastmassa idishlar ichida jami 4,4 kg

Toshkentda Bangkokdan kelgan chet el fuqarosidan 4,4 kg sintetik narkotik topildi.

"Xavfsiz va sog‘lom yurt" tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari "Toshkent-Aero" ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi bilan hamkorlikda tezkor-qidiruv tadbirlarini o‘tkazdi. Ushbu tadbirlar natijasida xorijdan olib kelingan katta miqdordagi giyohvandlik vositalari musodara qilindi.

Xususan, "Bangkok – Sharja – Toshkent" aviayo‘nalishida mamlakatimizga kelgan 1994-yilda tug‘ilgan Qozog‘iston Respublikasi fuqarosining qo‘l sumkalari Toshkent xalqaro aeroportida tekshiruvdan o‘tkazildi. Tekshiruv natijasida 8 dona turli xil shirinliklar paketlari va 5 dona plastmassa idishlar ichida jami 4,4 kg "Mefedron" sintetik narkotik moddasi borligi aniqlandi.

Tezkor tadbir davom ettirilib, internetdagi narkodo‘kon boshqaruvchisining topshirig‘iga ko‘ra, ushbu narkotikni poytaxtdagi mehmonxonalardan birida Yangiyo‘l shahrida yashovchi, 2006-yilda tug‘ilgan shaxsga berayotgan vaqtida u ham qo‘lga olindi. Tekshiruv jarayonida mahalliy fuqaroning yonida pnevmatik pistolet borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Hozirda qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, "qamoq" ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

jinoyat ishigiyohvandlik vositalarinarkotik moddatoshkent aeroportimefedronsintetik narkotikqozog'iston fuqarositezkor tadbir