Mahalliy

Toshkentga Bangkokdan uchib kelgan xorijiy fuqarodan narkotik modda topildi

8 dona turli xil shirinliklar paketlari va 5 dona plastmassa idishlar ichida jami 4,4 kg

Toshkentda Bangkokdan kelgan chet el fuqarosidan 4,4 kg sintetik narkotik topildi.

"Xavfsiz va sog‘lom yurt" tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari "Toshkent-Aero" ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi bilan hamkorlikda tezkor-qidiruv tadbirlarini amalga oshirdi. Ushbu tadbirlar natijasida chet eldan olib kelingan katta miqdordagi giyohvand moddalar musodara qilindi.

Xususan, "Bangkok – Sharja – Toshkent" aviayo‘nalishi orqali mamlakatimizga kelgan, 1994-yilda tug‘ilgan Qozog‘iston Respublikasi fuqarosining qo‘l sumkalari Toshkent xalqaro aeroportida tekshiruvdan o‘tkazildi. Tekshiruv natijasida 8 dona turli xil shirinliklar paketlari va 5 dona plastmassa idishlar ichida jami 4,4 kg "Mefedron" sintetik narkotik moddasi borligi aniqlandi.

Shundan so‘ng, tezkor tadbir davom ettirilib, internetdagi narkodo‘kon boshqaruvchisining ko‘rsatmasiga binoan, ushbu giyohvand moddani poytaxtdagi mehmonxonalardan birida Yangiyo‘l shahrida yashovchi, 2006-yilda tug‘ilgan shaxsga berayotgan vaqtida u ham qo‘lga olindi. Tekshiruv jarayonida mahalliy fuqaroning yonida pnevmatik pistolet borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Hozirda qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, "qamoq" ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari davom etmoqda.

jinoyat ishigiyohvandlik vositalarinarkotik moddatoshkent aeroportimefedronsintetik narkotikqozog'iston fuqarositezkor tadbir