Sport

Vinisius “Real Madrid”da qoladimi?

**Vinisius "Real Madrid"da qoladimi? Muzokaralar davom etmoqda**

"Real Madrid" klubi braziliyalik hujumchi Vinisius Junior bilan shartnomani uzaytirish bo‘yicha muzokaralarni davom ettirmoqda. Bu haqda The Athletic nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, 5-avgust kuni tomonlar o‘rtasida navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tgan. Unda "qaymoqranglilar" 26 yoshli futbolchiga yangi shartnoma taklifini taqdim etgan. Klub taklif qilayotgan maosh miqdori oshkor etilmagan bo‘lsa-da, bu taklif "Real Madrid" rahbariyati Vinisiusni jamoaning bugungi va kelajakdagi loyihasida muhim figuraga aylantirayotganini ko‘rsatadi.

Ayni paytda braziliyalik futbolchi oldida uchta ehtimoliy variant mavjud: "Real Madrid" bilan yangi bitim imzolash, amaldagi shartnomasini oxirigacha bajarib, 2027-yilda erkin agentga aylanish yoki yozgi transfer oynasi yopilguniga qadar "Arsenal" safiga ko‘chib o‘tish.

Avvalroq xorij matbuotida Madrid klubi Vinisiusning bir mavsum uchun 30 million yevro maosh olish haqidagi talabini qondirishga tayyor emasligi haqida xabarlar tarqalgan edi.

Vinisius Junior joriy hafta boshida Karlo Anchelotti boshchiligidagi Braziliya terma jamoasi safida Jahon chempionatida ishtirok etganidan so‘ng "Real Madrid"ning mavsumoldi yig‘iniga qaytdi. U mundialda beshta uchrashuvda maydonga tushib, to‘rtta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.

Madrid klubi yozgi transfer oynasida ancha faol harakat qilmoqda. Jamoaga bosh murabbiy sifatida Joze Mourinyo qaytgach, "Real" tarkibni kuchaytirish maqsadida Mark Kukurelya, Bernardu Silva, Ibrahima Konate, Denzel Dyumfris va Karlos Espini o‘z safiga qo‘shib oldi. Shuningdek, madridliklar "RB Leypsig" vingeri Yan Diomande transferi bo‘yicha kelishuvga erishgan. Mourinyo qanotdagi variantlarni ko‘paytirishni istamoqda. Bundan tashqari, klub "Manchester Siti" yarim himoyachisi Rodrini ham o‘z safiga qo‘shib olish ustida ishlamoqda.

2025/26-yilgi mavsum Vinisius uchun "Real Madrid" safidagi sakkizinchi mavsum bo‘ldi. U 2018-yil iyul oyida Braziliyaning "Flamengo" klubidan Madrid jamoasiga ko‘chib o‘tgan edi. Braziliyalik futbolchi o‘tgan mavsum barcha musobaqalarda 22 ta gol urdi. Biroq "Real Madrid" ketma-ket ikkinchi mavsumni ham yirik sovrinsiz yakunladi. Jamoa La Ligada "Barselona"dan 8 ochko ortda qolib, ikkinchi o‘rinni egalladi.

Ma’lumot uchun, Vinisius 2018-yil yozidan buyon "Real Madrid" sharafini himoya qilib kelmoqda. Shu vaqt ichida u barcha musobaqalarda 375 ta uchrashuvda maydonga tushib, 128 ta gol urdi va 100 ta golli uzatmaga mualliflik qildi. Futbolchining "Real Madrid" bilan tuzgan amaldagi shartnomasi 2027-yilning yoziga qadar amal qiladi. Transfermarkt portaliga ko‘ra, Vinisiusning transfer qiymati hozirda 140 million yevroga baholanmoqda.

real madridfootballarsenaltransfer rumorscontract extensionla ligavinicius juniorjose mourinho