Venesuela “kamsituvchi” bayonot sabab Eron elchisini chaqirtirdi

Venesuela Tashqi ishlar vazirligi Eronning Venesuela hukumatiga nisbatan aytgan "kamsituvchi" bayonoti sababli o‘zining uzoq yillik ittifoqchisi bo‘lgan Eron elchisini chaqirtirdi. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi.
Vazirlik bayonotida aytilishicha, "Eron Islom Respublikasining Venesueladagi elchisi mamlakatimiz institutlari va hokimiyat organlariga nisbatan aytilgan kamsituvchi hamda nojo‘ya fikrlar bo‘yicha e’tiroz notasini topshirish uchun chaqirtirildi".
Venesuela rasmiylari qaysi bayonot nazarda tutilganiga aniqlik kiritmagan bo‘lsa-da, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchining "AQSH bilan muzokaralar haqida gap ketganda Eron Venesuela emas" degan so‘zlarini ko‘rish mumkin.
**Ko‘p yillik ittifoqchilikdagi darz**
Karakas va Tehron o‘rtasidagi bu sovuqlik ikki neftga boy mamlakat munosabatlarida burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin. Tomonlar 1999-yilda prezident Ugo Chaves hokimiyatga kelganidan beri yaqin munosabatda bo‘lib kelayotgan edi.
AQSHga qarshi pozitsiyada bo‘lgan Chaves Eron bilan umumiy dushman sabab yaqinlashgan. Mafkuraviy yaqinlikdan tashqari, so‘nggi 30 yil ichida ikki davlat energetika, konchilik, tibbiyot va ta’lim sohalarida yirik kelishuvlar tuzgan.
Misol uchun, 2020-yilda Venesuelada og‘ir iqtisodiy inqiroz yuz berganda, Eron ularga 1,5 million barrel benzin yuborgan. 2025-yilda AQSH sanksiyalari sabab dori sotib olishda qiyinchilikka uchragan Venesuelaga Eron 2 milliondan ortiq poliomiyelit va gepatitga qarshi vaksinalar yetkazib bergan.
**Siyosiy vaziyat o‘zgarmoqda**
Biroq endi vaziyat o‘zgardi. Yanvar oyidagi AQSH harbiy reydi oqibatida so‘lchi prezident Nikolas Maduro hokimiyatdan ag‘darildi. Shundan so‘ng shakllangan Venesuela muvaqqat hukumati Eron bilan munosabatlarni o‘zgartirishi kutilmoqda.
Shu orqali ular Vashington bilan aloqalarni yaxshilamoqchi. Ma’lumot o‘rnida, AQSH nazorati ostida Venesuelaning yangi hukumatini tuzish bo‘yicha muzokaralar 1-avgust kuni boshlanishi rejalashtirilgan. Avvalroq Braziliya prezidentga haqorat sabab Argentinadagi elchisini chaqirib olgani haqida xabar berilgandi.

