Tramp Erondagi ko‘priklar va elektr stansiyalarini portlatish bilan, Tehron esa dengiz yo‘llarini yopish bilan tahdid qildi

Tramp Eronning ko‘priklari va elektr stansiyalarini portlatish bilan, Tehron esa dengiz yo‘llarini yopish bilan tahdid qildi. AQSH prezidenti Donald Tramp Eron bilan bog‘liq yangi tahdidni e'lon qildi. Agar Tehron muzokaralar stoliga qaytmasa, kelgusi haftada mamlakatdagi ko‘priklar va elektr stansiyalariga zarba berilishi mumkin. Bu haqda Tramp Fox News telekanaliga bergan intervyusida ma'lum qildi.
Ushbu bayonot ikki davlat o‘rtasida to‘rt kundan beri davom etayotgan harbiy to‘qnashuvlar fonida yangradi. Avvalroq Tramp Hormuz bo‘g‘ozidagi barcha yuk tashuvchi kemalardan 20 foizlik boj undirish tahdidini bekor qilgan edi, ammo Eron portlarini qamal qilishni qayta boshladi.
“Hammasini yo‘q qilamiz,” dedi Tramp o‘z intervyusida Eronga qat'iy ogohlantirish berar ekan. “Kelgusi hafta ular uchun juda yomon bo‘ladi. Agar muzokara stoliga o‘tirib, kelishuvga erishmasalar, ularning barcha elektr stansiyalari va barcha ko‘priklarini yo‘q qilamiz.”
Tramp aprel oyida ham Eronning fuqarolik infratuzilmasini, jumladan, ko‘prik va elektr stansiyalarini portlatish bilan tahdid qilgandi. O‘shanda BMTning inson huquqlari bo‘yicha rahbari Volker Tyurk bunga munosabat bildirgan va xalqaro huquqqa ko‘ra, tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasiga ataylab hujum qilish urush jinoyati hisoblanishini ta'kidlagan. Urush davrida gumanitar xatti-harakatlar bo‘yicha 1949-yilda qabul qilingan Jeneva konvensiyasi ham tinch aholi uchun hayotiy muhim bo‘lgan obyektlarga hujum qilishni taqiqlaydi.
Tramp 14-iyul oqshomida efirga uzatilgan Special Report with Bret Baier ko‘rsatuvida shunday dedi: “Energetika obyektlariga zarbalarni oxiriga qoldiraman. Ammo baribir ularni nishonga olamiz.”
Uning so‘zlariga ko‘ra, seshanba kuni kechqurun AQSH muzokarachilari eronlik hamkasblariga ogohlantirish yuborgan. Unda “Kelishuvga erishganingiz ma'qul, aks holda hech narsangiz qolmaydi,” deb aytilgan.
Eron ham javob choralarini ko‘rmoqda. Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) esa jim turmoqchi emas. Ular AQSH va uning ittifoqchilariga foyda keltiradigan boshqa barcha eksport yo‘laklarini yopish bilan tahdid qilmoqda. Mazkur bayonot AQSH Eron portlarini dengizdan qamal qilgani ortidan yangradi. “Mintaqaviy energiya eksportidan yoki hamma foydalanadi, yoki hech kimga ruxsat berilmaydi,” deyiladi 15-iyul kuni IRNA davlat axborot agentligi tarqatgan IIQK bayonotida.
Tahlilchilarning fikricha, Eron Qizil dengizga chiqadigan Bob al-Mandab bo‘g‘ozini yopish uchun Yamandagi husiy ittifoqchilaridan foydalanishi mumkin. Bu Vashingtonga qarshi yangi front ochadi va dunyodagi eng muhim ikkita energiya yo‘lini xavf ostiga qo‘yadi. Ma'lumot o‘rnida, Bob al-Mandab — tor bo‘g‘oz bo‘lib, u Qizil dengizni Adan qo‘ltig‘i bilan bog‘laydi. Bu yo‘l orqali Saudiya Arabistoni nefti va jahon yuk tashish hajmining katta qismi o‘tadi.
13-iyul kuni husiylarning yuqori martabali vakili ham ogohlantirish bilan chiqqandi. Eronning Press TV sayti xabariga ko‘ra, u agar Saudiya Arabistoni Yamanga hujum qilishni davom ettirsa, guruh Bob al-Mandab bo‘g‘ozini yopishga tayyorligini bildirdi. Uning aytishicha, bu qadam neft narxini bir barrel uchun 200 dollargacha ko‘tarib yuborishi mumkin.

