Valverde Mourinyo haqida: “Uning bunday inson ekanini kutmagan edim”

Valverde Mourinyo haqida: "Uning bunday inson ekanini kutmagan edim"
Madridning "Real" klubi sardori Federiko Valverde jamoaning yangi bosh murabbiyi Joze Mourinyo bilan ishlash va mashg‘ulotlar jarayoni haqidagi fikrlarini bildirdi.
"U bilan o‘tkazgan dastlabki kunlarimdan kelib chiqib aytsam, Mourinyoning bunday inson bo‘lib chiqishini kutmagan edim. U futbolchilarga juda samimiy munosabatda bo‘ladi. Ba’zida o‘ta talabchan va qattiqqo‘l bo‘lishi ham mumkin, ammo aynan shu jihat bizni yanada kuchliroq bo‘lishga undaydi. Uning butun jamoaga va shaxsan menga bo‘lgan munosabati yoqadi", dedi Valverde.
Valverdening so‘zlariga ko‘ra, jamoa a’zolari yangi murabbiylar shtabining ishidan to‘liq qoniqish hosil qilgan:
"Men undan ko‘proq narsa o‘rganishga hamda murabbiy va uning shtabi bilan o‘tadigan har bir mashg‘ulotdan maksimal darajada foyda olishga harakat qilyapman. Futbolchilarning barchasi hozirgi holatdan mamnun. Sardor sifatida barcha jamoadoshlarim o‘zini yaxshi va erkin his qilayotganidan xursandman".
Ma’lumot o‘rnida, "Real" o‘rtoqlik uchrashuvi doirasida Vengriyaning "Ferensvarosh" klubiga qarshi maydonga tushgan edi. Budapeshtda bo‘lib o‘tgan ushbu bahs Joze Mourinyo shogirdlarining 2:1 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.

