Mourinyo “Real”dagi 6 nafar futbolchiga chiqish eshigini ko‘rsatdi

Mourinyo "Real"dagi 6 nafar futbolchiga chiqish eshigini ko‘rsatdi
Madridning "Real" klubi bosh murabbiyi Joze Mourinyo yozgi transferlar oynasida jamoani tark etishi kutilayotgan futbolchilar ro‘yxatini tuzdi. Klub Ispaniya La Ligasi boshlangunga qadar bir qator o‘yinchilar bilan xayrlashish yoki ularni ijaraga berish masalasini ko‘rib chiqadi.
Mavsumoldi yig‘inlarida jamoani kuzatgan portugaliyalik mutaxassis ba’zi futbolchilar uning o‘yin falsafasiga mos kelmasligini ma’lum qilgan. Xususan, himoya chizig‘iga yangi transferlar amalga oshirilgani sababli Ferlan Mendi jamoani tark etishga eng asosiy nomzod bo‘lib turibdi. Klub uning sotuvi orqali maoshlar fondini yengillashtirmoqchi. Yosh markaziy himoyachi Raul Asensio "Leganes"ga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida o‘zini yaxshi ko‘rsatgan bo‘lsa-da, kuchli raqobat tufayli unga yetarli o‘yin amaliyoti berilmasligi ehtimoli yuqori.
Shuningdek, Eduardo Kamavinga va Franko Mastantuono bo‘yicha rahbariyat hamda murabbiy birgalikda yakuniy qarorga kelishi kutilmoqda. Yosh Mastantuonoga o‘yin amaliyoti kerakligi bois, u sotib olish huquqisiz ijaraga berilishi mumkin. Hujum chizig‘i vakillari — Endrik hamda qator klublardan takliflar olayotgan Gonsalo Garsiyaning kelajagi ham so‘roq ostida. Ularning jamoada qolish-qolmasligi "Real"ning hujumdagi yangi xaridlariga bog‘liq bo‘ladi.
"Qaymoqranglilar" qarorgohidagi transfer jarayonlari faqatgina ushbu olti nafar futbolchi bilan cheklanib qolmaydi. Klub prezidenti Florentino Peres oldida jamoaga ham sport, ham iqtisodiy jihatdan katta ta’sir ko‘rsatadigan ikki yulduz — Vinisius Junior hamda Orelyen Tchuameni masalasi ham turibdi.
Londonning "Arsenal" klubi 2027-yilda shartnomasi yakuniga yetadigan Vinisiusga jiddiy qiziqish bildirmoqda. 3-avgust kuni braziliyalik hujumchi mashg‘ulotlarga qaytadi. Shundan so‘ng, u amaldagi shartnomasini uzaytirish ustida ishlashi yoki avgust oyi davomida jamoani tark etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishi kerak bo‘ladi. Tchuamenining vaziyatini esa "Manchester Yunayted" yaqindan kuzatib bormoqda. Agar markaziy yarim himoyaga yangi o'yinchilar olib kelinsa, Florentino Peres fransiyalik futbolchi bo‘yicha tushadigan takliflarni ko‘rib chiqishga tayyor.

