“Urushdan ketish uchun granata bilan o‘zimni yaraladim”. Toshkent viloyatida Ukrainada jang qilgan fuqaroning ozodligi 4 yilga cheklandi
Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani sudi Rossiya-Ukraina urushida qatnashgan 38 yoshli erkakka hukm chiqardi. Sudlanuvchi aytishicha, qamoqxonada unga armiya bilan shartnoma imzolash taklif qilingan, keyin Ukrainada qochishga uringan va o‘zini granata bilan yaralagan. Unga 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

“Urushdan qochish uchun granata bilan o‘zimni yaraladim”. Ukrainadagi janglarda qatnashgan fuqaroning Toshkent viloyatida ozodligi 4 yilga cheklandi.
14-iyul kuni Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudida Rossiya-Ukraina urushida Rossiya tomonida jang qilgan 38 yoshli T.A. ismli fuqaroning jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Bu haqda “Gazeta” sud hujjatlari bilan tanishib xabar berdi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, T.A. 2018-yil sentabr oyida ishlash maqsadida Rossiyaga jo‘nab ketgan. Keyinchalik, u Rossiyaning Kostroma viloyati sudi tomonidan giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatda aybdor deb topilib, 2021-yil mart oyida 7 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. U 2025-yil 27-avgustda jazoni o‘tab bo‘lgan.
Ish materiallarida qayd etilishicha, T.A. moddiy yoki boshqa shaxsiy manfaatni ko‘zlab, 2025-yil sentabr oyida Rossiya Qurolli kuchlari safiga yollanma askar sifatida qo‘shilgan va Rossiya-Ukraina urushida Rossiya tomonida jang qilgan.
Sud hujjatlariga ko‘ra, T.A. 2026-yil 20-mart kuni qo‘lga olingan va unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Ish materiallariga ko‘ra, bu holat 2026-yil 17-mart kuni Bo‘ka tumani IIB va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan chet el huquqni muhofaza qiluvchi organlariga yollanib, jangovar harakatlarda ishtirok etgan shaxslarni aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan monitoring davomida fosh etilgan.
**“Qamoqxonada Rossiya armiyasiga qo‘shilishni ko‘p marotaba taklif qilishdi”**
Sudda T.A. aybiga qisman iqror bo‘ldi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2018-yil sentabr oyida moddiy qiyinchiliklar tufayli ishlash uchun Rossiyaga ketgan va Moskvada qurilishlarda ishlagan. Keyinchalik, 2020-yil iyul oyida giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq ayblov bilan qo‘lga olinib, 7 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum etilgan.
Sudlanuvchining aytishicha, u jazoni Kostromadagi jazoni ijro etish muassasasida o‘tayotgan vaqtida qamoqxona tezkor xodimlari mahkumlarga Rossiya armiyasi safida Ukrainadagi urushda qatnashishni taklif qila boshlagan.
“Dastlab bunga rozi bo‘lmadim. Ko‘p marotaba taklif qilishdi. Evaziga ozodlikka chiqarish, jazo muddatini bekor qilish, Rossiya fuqaroligini berish va 1 million rubl to‘lashni va’da qilishdi. Ko‘pchilik shu sababli rozi bo‘lib ketdi”, — dedi u.
Uning ta’kidlashicha, taklifni qabul qilmaganidan keyin unga turli bosimlar o‘tkazilgan.
“Zax joylarga tashlab qo‘yishdi. Bunday munosabat asosan musulmonlar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga qilindi. Qiynalib ketganim uchun keyin rozi bo‘ldim”, — dedi sudlanuvchi.
**“Ikki hafta tayyorgarlikdan o‘tgach, Luganskka yuborishdi”**
T.A.ning aytishicha, 2025-yil avgust oyi oxiri — sentabr oyi boshida Rossiya Mudofaa vazirligi unga Rossiya tomonida jangovar harakatlarda ishtirok etishni yana taklif qilgan. Buning evaziga jazo muddati bekor qilinishi aytilgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, rozilik bildirgach, Voronej viloyatiga yuborilgan va u yerda harbiy shartnomani imzolagan. Keyin harbiy kiyim va qurol-yarog‘ berilgan hamda Ukrainaning Lugansk viloyatiga jo‘natilgan.
Sudlanuvchining aytishicha, u va boshqa yangi jalb qilingan harbiylar ikki hafta davomida quroldan foydalanish va jangovar harakatlar bo‘yicha tayyorgarlikdan o‘tgan.
Shundan keyin ular qo‘riqlanadigan hududlarga taqsimlangan. T.A.ning so‘zlariga ko‘ra, unga belgilangan hududni himoya qilish va qarshi tomonni o‘tkazmaslik vazifasi yuklatilgan. U bu vazifani 10 kun davomida bajargan.
**“Qochishga urindim, keyin granata bilan o‘zimni yaraladim”**
Sudlanuvchining aytishicha, jangovar harakatlar boshlanganidan yetti kun o‘tgach qochishga uringan, ammo ushlangan.
“Qocha olmaganimdan keyin qo‘l granatasi bilan o‘zimni yaraladim. Maqsadim urush hududidan chiqib, uyga qaytish edi”, — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, avval Lugansk viloyatidagi, keyin boshqa shifoxonalarda davolangan. So‘ng Moskvadagi kasalxonaga yuborilgan va u yerdan O‘zbekiston elchixonasiga murojaat qilib, shaxsini tasdiqlovchi hujjatining amal qilish muddati tugagani sababli Vatanga qaytish guvohnomasini olgan.
T.A.ning aytishicha, u 2025-yil 30-noyabr kuni O‘zbekistonga qaytgan.
Sudlanuvchi Rossiya armiyasi safiga o‘z xohishi bilan qo‘shilmaganini, qamoqxonada ozodlikka chiqarish, Rossiya fuqaroligini berish va pul va’da qilinganidan keyin rozilik berganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, urushda ishtirok etgani uchun bank kartasiga 400 ming rubl, shuningdek, har oy 245 ming rubldan maosh o‘tkazilgan. Jarohat olgach, kasalxonaga kelgan vaqtida 500 ming rubl olgan va bu mablag‘ning bir qismini O‘zbekistonga qaytish uchun sarflagan.
“Harbiy harakatlarda qatnashishdan asosiy maqsadim ozodlikka chiqish edi. Hozir qilmishimdan chin ko‘ngildan pushaymonman”, — dedi u va suddan yengillik berishni so‘radi.
Sud T.A.ga jazo tayinlashda uning aybiga qisman iqror bo‘lgani, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, jinoyatni mushkul ahvolda sodir etgani, oilaviy sharoiti, qaramog‘ida ikki nafar voyaga yetmagan farzandi borligi, yashash joyidan ijobiy tavsiflangani hamda mahalla tomonidan kafolat xatlari taqdim etilganini yengillashtiruvchi holatlar sifatida inobatga oldi.
Shu bilan birga, sud T.A.ning muqaddam sudlanganini jazoni og‘irlashtiruvchi holat deb baholadi.
Qarorda qayd etilishicha, sud T.A.ning jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyatiga qaram holatda jinoyat sodir etgani, oilaviy sharoiti, ikki nafar voyaga yetmagan farzandi borligi va boshqa yengillashtiruvchi holatlarni jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini jiddiy kamaytiruvchi omillar deb topgan hamda uni jamiyatdan ajratmasdan turib axloqan tuzatish mumkin, degan xulosaga kelgan.
Shu asosda sud T.A.ni Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (Yollanish) bilan aybdor deb topdi va 57-modda (Yengilroq jazo tayinlash)ni qo‘lladi.
Natijada unga 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Sud qaroriga ko‘ra, u ish vaqti, shuningdek ish joyiga borish va uyiga qaytish uchun zarur vaqtdan tashqari paytlarda Qashqadaryo viloyati Nishon tumanidagi yashash manzilini tark eta olmaydi.
Shuningdek, Jinoyat kodeksining 62-moddasiga asosan T.A.ning 2026-yil 20-martdan 14-iyulgacha qamoqda saqlangan 116 kuni jazo muddatiga hisoblandi. Natijada unga 3 yil 8 oy 6 kun ozodlikni cheklash jazosini o‘tash qoldirildi.
Sud mahkum zimmasiga qator qo‘shimcha majburiyatlarni ham yukladi. Unga kafe, bar, restoran va tungi klublar kabi ko‘ngilochar maskanlarga bormaslik, ommaviy tadbirlarda ishtirok etmaslik, probatsiya organining roziligisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik va O‘zbekiston hududidan tashqariga chiqmaslik, muqaddam sudlangan shaxslar bilan aloqa o‘rnatmaslik hamda alkogolli ichimliklar iste’mol qilmaslik majburiyati yuklatildi.
Jazo ijrosini Nishon tumani IIB Probatsiya bo‘linmasi nazorat qiladi.

