Mahalliy

“Urushda qulagan dronlarni yig‘ish bilan shug‘ullanganman”. Rossiya-Ukraina urushida qatnashgan andijonlikka 2 yil axloq tuzatish ishlari tayinlandi

Rossiyaga ishlash uchun ketgan andijonlikning aytishicha, u bilmasdan Rossiya Qurolli kuchlari bilan harbiy xizmat shartnomasini imzolagan. Keyin Rossiya tomonida jang qilgan, dron hujumida yaralangan va O‘zbekistonga qaytgan. Sud unga 2 yil axloq tuzatish ishlari jazosini tayinladi.

“Urushda qulagan dronlarni yig‘ish bilan shug‘ullanganman”. Rossiya-Ukraina urushida qatnashgan andijonlikka 2 yil axloq tuzatish ishlari tayinlandi

7-iyul kuni Andijon viloyati Marhamat tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudida Rossiya-Ukraina urushida Rossiya tomonida jang qilgan 40 yoshli F.U. ismli fuqaroning jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Gazeta sud hujjati bilan tanishdi.

Sud hujjatlariga ko‘ra, F.U. ma’lum bir haq evaziga 2025-yil 26-avgust kuni Rossiya Qurolli kuchlari bilan harbiy xizmatni o‘tash bo‘yicha shartnoma imzolagan. Shundan so‘ng u Kursk viloyatidagi harbiy o‘quv poligonida jangovar tayyorgarlik, qurol-yarog‘dan foydalanish va jangovar dronlarni boshqarish bo‘yicha mashg‘ulotlardan o‘tgan.

Ish materiallarida qayd etilishicha, keyinchalik u Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlar vaqtida Rossiya Qurolli kuchlari safida, o‘ziga biriktirilgan AK-74 avtomat quroli bilan harbiy harakatlarda ishtirok etgan.

Sud hujjatlariga ko‘ra, F.U.ning harakatlari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (yollanish) bilan kvalifikatsiya qilingan.

**“Harbiy shartnomaga bilmasdan imzo qo‘yibman”**

Sudda F.U. aybiga to‘liq iqror bo‘ldi. Uning aytishicha, 2025-yil yanvar oyida ishlash maqsadida Rossiyaga borib, taksichilik bilan shug‘ullangan.

Sudlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, bir kuni u taksida olib kelgan mijoz manzilga yetmasdan tushib ketgan. Ko‘p o‘tmay ikki nafar politsiya xodimi va fuqarolik kiyimidagi yana ikki kishi kelib, uni ham, avtomashinasini ham tintuv qilgan.

“Hech narsa topa olishmadi. Keyin olib kelgan mijozim giyohvandlik vositasini iste’mol qilayotganda ushlanganini aytib, meni ham gumonlanuvchi sifatida olib ketishdi”, — dedi u.

Uning aytishicha, tergov hibsxonasida 2025-yil 26-avgustgacha saqlangan. Tergov davomida bir nechta hujjatlarga imzo qo‘ygan, keyinroq esa ular Rossiya Qurolli kuchlari bilan Ukrainadagi urushda ishtirok etish bo‘yicha shartnoma ekanini tushungan.

F.U.ning aytishicha, shundan keyin u Vladivostokdagi harbiy qismga, so‘ng esa DXR hududidagi harbiy poligonga jangovar tayyorgarlikdan o‘tish uchun yuborilgan. Xizmat davomida asosan ta’minot guruhida bo‘lgan, front hududida qulab tushgan dronlarni yig‘ish bilan shug‘ullangan.

**“Dron hujumida yaralanganman”**

Sudlanuvchining aytishicha, front chizig‘ida Ukraina dronlarini yig‘ib yurgan vaqtida dron hujumi oqibatida chap oyog‘ining tizza qismi og‘ir jarohatlangan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, avval Donetsk shahridagi harbiy gospitalda bir yarim oy, keyin esa Vladivostokdagi gospitalda davolangan.

2026-yil 1-aprel kuni unga bir oylik ta’til berilgani aytilgach, O‘zbekistonga qaytishga qaror qilgan.

F.U.ning ta’kidlashicha, hujjatlari yonida bo‘lmagani sababli Vladivostokdagi O‘zbekiston konsullik muassasasiga murojaat qilgan va vaqtinchalik guvohnoma orqali vatanga qaytgan.

Sudda u qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini bildirdi. Shuningdek, urushga borishga majbur bo‘lganini, qurol ishlatmaganini, faqat ta’minot guruhida xizmat qilganini aytdi.

F.U. uch nafar voyaga yetmagan farzandi borligini, ulardan biri bolaligidan nogiron ekanini bildirib, suddan unga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashni so‘radi.

Sud F.U.ga jazo tayinlashda uning aybiga to‘liq iqror bo‘lgani, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, muqaddam sudlanmagani, uch nafar farzandi borligi, ulardan biri bolaligidan nogiron ekanini jazoni yengillashtiruvchi holatlar sifatida inobatga oldi.

Sud jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar mavjud emasligini qayd etib, mazkur yengillashtiruvchi holatlar jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini sezilarli darajada kamaytirishini hisobga oldi.

Shu asosda sud F.U.ni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (Yollanish) bilan aybdor deb topdi hamda Jinoyat kodeksining 57-moddasini (Yengilroq jazo tayinlash) qo‘lladi.

Natijada unga mazkur modda sanksiyasida nazarda tutilmagan yengilroq jazo — ish haqining 20 foizi davlat daromadi foydasiga ushlab qolingan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Hukmga ko‘ra, jazo probatsiya xizmati belgilaydigan ish joyida o‘taladi va uning muddati mahkum ish boshlagan kundan hisoblanadi.

uzbekistanrussia-ukraine warforced recruitmentinjurymercenaryconvictiondrone collectionreduced sentence