“Rus tilini bilmaganim uchun harbiy shartnomaga imzo qo‘yganimni tushunmaganman”. Rossiya armiyasiga yollangan xorazmlikning ozodligi 4 yilga cheklandi
Ishlash uchun Rossiyaga ketgan xorazmlik hujjatlari muammosi sabab ushlangan. Uning aytishicha, “deportatsiya qilamiz” degan va’da bilan hujjatlarga imzo qo‘ydirilgan va u Qrimdagi harbiy qismga olib borilgan. Sud bu vajni rad etib, unga 4 yil ozodlikni cheklash jazosini tayinladi.

"Rus tilini bilmaganim sababli harbiy shartnomaga imzo chekkanimni anglamaganman." Rossiya armiyasiga yollangan xorazmlik fuqaroning erkinligi 4 yilga cheklandi.
8-iyul kuni Xorazm viloyati Yangiariq tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudida Rossiya-Ukraina urushida ishtirok etish uchun Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma tuzgan D.Ya. ismli fuqaroga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Sud hujjatlari bilan tanishgan "Gazeta" nashri bu haqda xabar berdi.
Sud materiallariga ko‘ra, D.Ya. 2024-yil yanvar oyida mehnat migranti sifatida ishlash maqsadida Rossiyaning Moskva shahriga borib, turli ishlarda faoliyat yuritgan. Keyinchalik, 2025-yil aprel oyida Tver shahrida mavsumiy qurilish ishlarida ishlayotgan vaqtida Rossiyada vaqtincha bo‘lish qoidalarini buzgani uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
Sud materiallarida qayd etilishicha, shundan so‘ng unga Rossiya Qurolli kuchlarida shartnoma asosida harbiy xizmatni o‘tash taklif qilingan. D.Ya. moddiy va boshqa shaxsiy manfaatlarini ko‘zlab ushbu taklifga rozi bo‘lgan hamda 2025-yil 9-iyunda Rossiya Mudofaa vazirligi bilan 77949-sonli harbiy qismda xizmat qilish bo‘yicha ikki tomonlama shartnoma imzolagan.
Ish materiallariga ko‘ra, u 2025-yil 11-iyun kuni Ukrainadagi "maxsus harbiy operatsiya"da qatnashish uchun Qrimning Simferopol shahrida joylashgan mazkur harbiy qismga borgan. Biroq tibbiy ko‘rik vaqtida unda bir nechta kasallik aniqlangani sababli qo‘shimcha tekshiruv va davolanish uchun Tver shahridagi harbiy xizmatga saralash punktiga qaytarilgan.
Shu tariqa, sud xulosasiga ko‘ra, D.Ya. o‘zga davlat hududida yoki uning tarafini olib harbiy harakatlarda qatnashish uchun yollanish jinoyatini o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holatlar sababli oxiriga yetkazmasdan, yollanishga suiqasd qilgan.
**"O‘zbek diasporasi deportatsiya qilamiz deb hujjatlarga imzo qo‘ydirdi"**
Sudda D.Ya. aybiga iqror bo‘lmadi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, u ilk bor 2007-yilda oilasi bilan ishlash uchun Rossiyaga ketgan va 2011-yilgacha mavsumiy qurilish ishlarida ishlagan. Keyin O‘zbekistonga qaytib, Xiva shahridagi bozorda kiyim-kechak savdosi bilan shug‘ullangan.
Sudlanuvchining aytishicha, 2023-yil yozida bozorda chiqqan yong‘in oqibatida barcha tovarlari yonib ketgan va u 45 ming dollar qarzdor bo‘lib qolgan.
Shundan so‘ng qarzini uzish maqsadida 2024-yil yanvarda yana Rossiyaga ketgan. Avval Moskvada, keyin esa Tver shahrida qurilishda ishlagan.
Uning ta’kidlashicha, Rossiyada vaqtincha yashash hujjatlarini rasmiylashtira olmagani uchun politsiya tomonidan ushlangan.
"Politsiya bo‘limida men bilan birga ishlagan Fayzullaning hujjatlari joyida ekanini aytib qo‘yib yuborishdi. Mening hujjatlarim to‘g‘ri emasligini aytib, qamab qo‘yishdi", — dedi u.
D.Ya.ning aytishicha, bir necha kundan keyin uning oldiga o‘zini Rossiyadagi o‘zbeklar diasporasi vakili deb tanishtirgan, ammo ismini aytmagan shaxs kelgan.
"U menga deportatsiya qilinishimni aytdi va bir nechta hujjatlarga imzo qo‘ydirdi. Rus tilini bilmaganim uchun unga ishondim va u aytgan bir nechta hujjatlarga imzo chekib berdim", — dedi sudlanuvchi.
Uning ta’kidlashicha, shundan keyin ham u qamoqxonada saqlangan.
Sudlanuvchining aytishicha, 2025-yil iyun oyi boshida u va yana bir nechta ushlangan shaxslar panjarali avtomashinada vokzalga olib borilgan. Keyin ular poyezd orqali ikki kun yo‘l yurib, Qrimga yetkazilgan.
**"Shifokor ayolning yordami bilan O‘zbekistonga qaytdim"**
U yerda harbiylar ularni harbiy qismga olib kirib, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni boshlagan.
"Tibbiy ko‘rik paytida bir ayol mendan: "O‘zbekmisan?" deb so‘radi. "Ha", dedim. Keyin "Jangovor harakatlarda ishtirok etish uchun keldingmi?" deb so‘radi. Men unga bu yerga qanday kelib qolganimni bilmasligimni, urushda qatnashish niyatim yo‘qligini aytdim", — dedi u.
Sudlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, ikki soatdan keyin o‘sha ayol yana qaytib kelgan.
Uning aytishicha, ayol telefon apparatini qaytarib bergan va shaxsiy ish jildidagi barcha hujjatlarni telefonga suratga olishni aytgan.
"Keyin u menga 1000 rubl berib, shu pulga ovqatlanishim va yo‘lkira qilishimni aytdi. Harbiy qismdan chiqqanimdan keyin O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasiga qo‘ng‘iroq qilishimni ham tushuntirdi", — dedi D.Ya.
Uning aytishicha, harbiy qismdan chiqqach, O‘zbekiston elchixonasiga qo‘ng‘iroq qilgan. Elchixona xodimlari Telegram orqali hujjatlar nusxasini yuborishni so‘ragan.
"Hujjatlarni yuborganimdan keyin ular Moskvaga yetib kelishimni, shunda O‘zbekistonga qaytishimga yordam berishlarini aytishdi", — dedi sudlanuvchi.
D.Ya.ning aytishicha, tanishlari yordamida Moskvaga borgan, aviachipta sotib olgan va 2025-yil 17-iyunda O‘zbekistonga qaytgan. 2025-yil dekabrida Xiva shahri IIBga chaqirtirilgan.
**"Rus tilini bilmaganim uchun qanday hujjatga imzo qo‘yayotganimni bilmaganman"**
Sudlanuvchi sudda Rossiya organlari tomonidan taqdim etilgan hujjatlar Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarda qatnashish bo‘yicha shartnoma ekanini bilmaganini aytdi.
"Rus tilini bilmaganim uchun o‘zbek diasporasi vakili aytganiga ishondim va imzo chekdim. Agar rus tilini bilganimda, bu hujjatlarga imzo qo‘ymagan bo‘lardim", — dedi u.
D.Ya. o‘zini aybsiz deb hisoblashini bildirib, suddan unga nisbatan oqlov hukmi chiqarishni so‘radi.
Sud D.Ya.ning "rus tilini bilmaganim uchun hujjatlarning harbiy shartnoma ekanini tushunmaganman" degan vajini ishonchli deb topmadi.
Sud qarorida qayd etilishicha, uning bu ko‘rsatmalari ishning haqiqiy holatlariga mos kelmaydi va javobgarlikni yengillashtirish hamda jazodan qochish maqsadida berilgan.
Shu bilan birga, sud sudlanuvchining oilaviy va moddiy ahvoli, qaramog‘ida bir nafar farzandi borligi hamda jinoyatning kelib chiqish sabablarini jazoni yengillashtiruvchi holatlar sifatida inobatga oldi.
Sud D.Ya.ni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 25 va 154-moddasi 1-qismi (Yollanishga suiqasd qilish) bilan aybdor deb topdi.
Jinoyat kodeksining 57-moddasi (Yengilroq jazo tayinlash) qo‘llanilib, unga ushbu modda sanksiyasida nazarda tutilmagan yengilroq jazo — 3 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Shu bilan birga, sud uning muqaddam sudlanganini ham inobatga oldi. Hukmda qayd etilishicha, D.Ya. 2019-yilda Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘lishiga sabab bo‘lishi) bilan 6 yilga ozodlikdan mahrum qilingan, keyinchalik jazosi axloq tuzatish ishlariga almashtirilgan va 2022-yilda muddatidan ilgari shartli ravishda ozod etilgan.
Shu sababli sud avvalgi hukm bo‘yicha o‘talmay qolgan jazoni yangi jazoga qisman qo‘shib, unga uzil-kesil 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinladi.
Mahkumga probatsiya organining roziligisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik va Xorazm viloyati hududidan tashqariga chiqmaslik majburiyatlari yuklatildi.

