Mahalliy

“Poligondan qochib, uch oy yashirinib yashadim”. Rossiya armiyasiga yollangan andijonlik 2,5 yil axloq tuzatish ishlariga hukm qilindi

Andijonlik yigit Rossiyaga ishlashga borib, giyohvandlik moddalari bo‘yicha qamalgan. So‘ng Rossiya armiyasiga yollanib, Luganskka yuborilgan. O‘zining aytishicha, 13 kundan keyin poligondan qochib, 3 oy yashirinib yashagan. Ukasi yuborgan pul bilan O‘zbekistonga qaytgan. Unga 2,5 yil axloq tuzatish ishlari tayinlandi.

“Poligondan qochib, uch oy yashirinib yashadim”. Rossiya armiyasiga yollangan andijonlik 2,5 yil axloq tuzatish ishlariga hukm qilindi

8-iyul kuni Andijon viloyati Baliqchi tumani jinoyat ishlari sudi Rossiya-Ukraina urushida ishtirok etish uchun Rossiya qurolli kuchlariga yollangan 23 yoshli N.U. ismli fuqaroning ishini ko‘rib chiqdi. “Gazeta” sud hujjatlari bilan tanishdi.

Sud materiallariga ko‘ra, N.U. 2021-yil 1-sentabrda mehnat migranti sifatida ishlash maqsadida Rossiyaning Moskva shahriga borib, avtosalonda faoliyat yuritgan. Bir yil o‘tib, 2022-yil 24-avgustda u giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullanganlikda gumonlanib, Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan hibsga olingan. 2023-yil 1-sentabrda Bryansk viloyati sudi uni ushbu jinoyatda aybdor deb topib, to‘qqiz yilga ozodlikdan mahrum qilgan.

Jazoni o‘tash davrida, 2025-yil avgust oyida u Rossiya Qurolli kuchlarining Bryansk viloyatidagi mudofaa bo‘limi bilan harbiy xizmatni o‘tash bo‘yicha shartnoma imzolagan. Shundan so‘ng unga Rossiya Qurolli kuchlari harbiy guvohnomasi berilib, oddiy askar unvoni bilan xizmatga qabul qilingan. Keyinchalik Lugansk shahriga yuborilgan sudlanuvchi harbiy o‘quv poligonida 12 kun davomida jangovar tayyorgarlikdan o‘tgan. Mashg‘ulotlar davomida unga qurol-yarog‘dan foydalanish va birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha bilimlar berilgan.

Sud materiallarida qayd etilishicha, N.U. mashg‘ulotlar davomidayoq Rossiya Qurolli kuchlari safidan qochishga qaror qilgan. U 2025-yil 9-sentabrda Lugansk shahridagi harbiy dala lageri hududidan qochib, 2026-yil 15-yanvarda “Domodedovo – Toshkent” aviareysi orqali O‘zbekistonga qaytgan.

“Izolyatorda muddatimni uzaytirish uchun imzo qo‘yganman, u harbiy shartnoma ekan”

Sudda so‘roq qilingan N.U. aybini to‘liq tan oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2021-yil sentabrda tanishining taklifi bilan ishlash uchun Moskvaga ketgan. Avvaliga avtoservisda, keyin esa qurilishda ishlagan.

2022-yil avgust oyida mahalladoshi bilan ijaraga olingan avtomashinada ketayotgan vaqtda politsiya ularni to‘xtatib, avtomashinani ko‘zdan kechirgan. Sudlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, tekshiruv paytida mashinadan giyohvand moddalar topilgan va ikkalasi ham ushlangan.

2023-yil sentabrida Rossiya sudi ularni Jinoyat kodeksining 228-moddasi (giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasi) bilan aybdor deb topib, to‘qqiz yilga ozodlikdan mahrum qilgan.

N.U. qamoqxonada ichki tartibni buzgani uchun 13 kunga qattiq rejimli izolyatorga joylashtirilganini aytdi. Keyin esa ushbu muddat yana uzaytirilgan.

“Muassasa xodimlari izolyator muddatini uzaytirish uchun hujjatga imzo qo‘ydirishdi. Bir haftadan keyin harbiylar kelib, Ukrainaga qarshi urushga ketishimni aytishdi. Men hech qanday shartnomaga imzo qo‘ymaganimni aytdim. Shunda ular mening imzom qo‘yilgan shartnomani ko‘rsatishdi. Shunda izolyator muddatini uzaytirish deb imzo qo‘ydirilgan hujjat harbiy xizmat shartnomasi bo‘lganini bildim”, — dedi u sudda.

Uning aytishicha, 2025-yil avgust oyi oxirida harbiylar uni qamoqxonadan olib chiqqan. Ular bilan birga Farg‘ona, Andijon, Surxondaryo, Namangan viloyatlaridan bo‘lgan bir nechta O‘zbekiston fuqarolari, shuningdek, Tojikiston va Belarus fuqarolari ham bo‘lgan.

Ular Lugansk shahri yaqinidagi harbiy poligonga olib borilgan. N.U.ning ta’kidlashicha, u yerda 200 nafardan ortiq harbiy bo‘lgan, ularning 15-20 nafari o‘zbek millatiga mansub edi.

“Bizga qurol-yarog‘larning texnik xususiyatlari, ulardan qanday foydalanish va boshqa harbiy mashg‘ulotlarni o‘rgatishdi”, — dedi u.

“Poligondan qochib, Lugansk chekkasidagi qishloqda keksa fuqaroning uyida uch oyga yaqin yashirinib yashadik”

N.U.ning aytishicha, harbiy poligonda bo‘lgan 13 kun davomida u ozarbayjonlik Maharram va rus millatiga mansub Daniya ismli yigit bilan tanishgan. Keyinchalik ular uchovlon harbiy qismdan qochish rejasini tuzgan.

“9-sentabr kuni kechqurun saflanib ro‘yxatdan o‘tdik. Soat 22:00 atrofida poligondan qochib ketdik”, — dedi sudlanuvchi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ular Lugansk chekkasidagi qishloqlardan biriga borib, keksa fuqaroning uyida uch oyga yaqin yashiringan.

“Lugansk shahri chekkasidagi qishloqlardan biriga borib, rus millatiga mansub Konstantin ismli keksa shaxsning uyiga kirdik. Daniya uy egasi bilan vaqtincha yashab turish uchun gaplashdi va u rozi bo‘ldi. Shu uyda qariyb uch oy yashadik. O‘sha vaqt davomida Rossiyadan chiqib ketish yo‘llarini qidirdik”, — dedi sudlanuvchi.

Keyinroq ular Belgorodga yo‘l olgan. Biroz vaqt o‘tgach, hamrohlari pul topib, uylariga ketgan, N.U. esa O‘zbekistondagi ukasi bilan bog‘lanib, mablag‘ yuborishini so‘ragan.

“Ukam yuborgan pul bilan Moskvaga yetib oldim”

Sudlanuvchi ukasi unga 2500 dollar yuborganini aytdi. Shu mablag‘ hisobiga u Qashqadaryo viloyatidan bo‘lgan Baxtiyor ismli shaxs bilan kelishib, 150 ming rubl evaziga Moskvaga yetib olgan.

Moskvada bir necha kun ijara uylarda yashaganidan keyin onlayn tarzda “Domodedovo – Toshkent” aviachiptasini sotib olgan va 2026-yil 15-yanvarda O‘zbekistonga qaytgan.

N.U. sudda qilgan ishidan pushaymon ekanini bildirdi.

“Rossiya Qurolli kuchlari bilan shartnoma imzolab, harbiy tayyorgarlik mashg‘ulotlarida qatnashganman. Ammo bu jinoyatni qasddan sodir etmadim. Meni aldab yollanishga majbur qilishdi. Qilgan ishimdan chin ko‘ngildan pushaymonman va menga qonuniy yengillik berishingizni so‘rayman”, — dedi u.

Sud N.U.ni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (Yollanish) bilan aybdor deb topdi.

Sud uning aybiga iqror bo‘lgani, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, muqaddam sudlanmagani, oilaviy ahvoli va jinoyatning kelib chiqish sabablarini inobatga olib, Jinoyat kodeksining 57-moddasini (Yengilroq jazo tayinlash) qo‘lladi.

Natijada unga ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda ikki yil olti oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

human rightsdrug traffickingrussia-ukraine warforced recruitmentuzbek mercenarydesertioncorrectional labormigrant exploitation