“Dron hujumida chap ko‘zimdan ayrildim”. Ukrainada jang qilgan qashqadaryolik 3 yilga qamaldi
Rossiyaga ishlashga borgan qashqadaryolik giyohvandlikka oid jinoyat uchun qamalgan. Uning aytishicha, jazoni o‘tayotganida koloniyada bosim ostida Rossiya armiyasi bilan shartnoma imzolab, Ukrainadagi urushga yuborilgan. Dron hujumida og‘ir jarohatlangan erkak O‘zbekistonga qaytgach, 3 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

**"Dron hujumida chap ko‘zimdan ayrildim". Ukrainada jang qilgan qashqadaryolik 3 yilga qamaldi**
Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudida 14-iyul kuni Rossiya-Ukraina urushida Rossiya tomonida jang qilgan 32 yoshli A.M. ismli fuqaro ustidan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Gazeta sud hujjatlari bilan tanishdi.
Sud materiallariga ko‘ra, A.M. 2020-yil dekabr oyida ishlash maqsadida Rossiyaga jo‘nab ketgan. Keyinchalik u giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq jinoyatda ayblanib, Rossiyaning Lipetsk viloyati sudi tomonidan 2024-yil iyul oyida 9 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.
Ish materiallarida qayd etilishicha, jazoni o‘tash davrida A.M.ga jazodan muddatidan oldin ozod etish, Rossiya fuqaroligini berish, 1,2 million rubl miqdorida bir martalik to‘lov va oyiga 210 ming rubl maosh va’da qilingan. Shundan so‘ng, u 2025-yil 22-avgust kuni Rossiya Mudofaa vazirligi bilan Rossiya-Ukraina urushida Rossiya tomonida ishtirok etish bo‘yicha bir yillik harbiy shartnoma imzolagan.
Shartnoma imzolangach, u jazodan muddatidan oldin ozod qilingan va Rossiya Mudofaa vazirligiga qarashli 91704-sonli harbiy qismning 144-diviziyasi 254-polki shturm otryadiga o‘qchi lavozimiga tayinlangan. Unga Rossiya Mudofaa vazirligi tomonidan harbiy guvohnoma va shaxsiy jeton berilgan.
Sud hujjatlariga ko‘ra, A.M. 2025-yil avgust oyida Lugansk hududiga yuborilgan. U yerda 15 kunlik harbiy tayyorgarlikdan o‘tgach, Rossiya Qurolli kuchlari safida Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarda ishtirok etgan.
Ish materiallarida ko‘rsatilishicha, 2026-yil 13-yanvar kuni dron hujumi natijasida u turli jarohatlar olgan va Moskva viloyatidagi harbiy gospitalda 65 kun davolangan. Gospitaldan chiqqach, O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi orqali "Vatanga qaytish guvohnomasi"ni rasmiylashtirib, 2026-yil 6-mart kuni O‘zbekistonga qaytgan.
Sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, A.M. tanasida portlovchi jism parchalari ta’sirida kelib chiqqan bir qator jarohatlar, jumladan, chap ko‘zining protez ekani va tanasining turli qismlarida keloid chandiqlar mavjudligi aniqlangan.
**"Koloniyada bosim o‘tkazib, Rossiya armiyasi bilan shartnoma imzolashga majbur qilishdi"**
Sudda A.M. aybiga to‘liq iqror bo‘lib, qilmishidan pushaymonligini bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2022-yil dekabr oyida ishlash maqsadida Rossiyaga ketgan. Keyinchalik Moskva viloyatida tanishi bilan avtomashinada ketayotganida politsiya xodimlari ularni to‘xtatib, tekshiruv vaqtida avtomobildan 6,84 gramm geroin topilgan.
Sudlanuvchining aytishicha, shundan so‘ng Rossiya sudi uni giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyat uchun 9 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilgan va u jazoni Lipetsk shahridagi 6-sonli koloniyada o‘tay boshlagan.
"Koloniyada "Rossiya-Ukraina" urushida qatnashishga majbur qilishdi. Bosim o‘tkazishdi, bir necha marta izolyatorga tiqishdi. Shundan keyin Rossiya Mudofaa vazirligi bilan bir yillik harbiy xizmat shartnomasini imzolashga majbur bo‘ldim", — dedi u.
Uning aytishicha, shartnoma evaziga 1,2 million rubl bir martalik to‘lov, oyiga 210 ming rubl maosh, Rossiya fuqaroligi hamda bir yildan keyin sudlanganlikni bekor qilish va’da qilingan.
**"15 kun harbiy tayyorgarlikdan o‘tgach, jangga yuborishdi"**
A.M.ning so‘zlariga ko‘ra, 2025-yil avgust oyi oxirida u Ukrainaning Lugansk viloyatida joylashgan Rossiya Mudofaa vazirligiga qarashli 91704-sonli harbiy qism poligoniga olib borilgan.
U yerda 15 kun davomida harbiy tayyorgarlikdan o‘tkazilgan, o‘qotar qurollardan foydalanish o‘rgatilgan va shundan so‘ng jangovar harakatlarga jalb qilingan.
Sudlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, u 91704-sonli harbiy qismning 144-diviziyasi 254-polki shturm otryadida o‘qchi lavozimida xizmat qilgan.
**"Dron hujumida chap ko‘zimdan ayrildim"**
A.M.ning aytishicha, 2026-yil 13-yanvar kuni yana to‘rt nafar harbiy bilan piyoda harakatlanayotgan vaqtida Ukraina tomoni yuborgan drondan tashlangan snaryad portlagan.
"Parchalar chap ko‘zim, chap qo‘lim, chap boldirim va o‘ng tomondagi qovurg‘alarim orasiga kirdi. O‘pkam og‘ir jarohatlandi. Chap ko‘zimga parcha tegib, ko‘rish qobiliyatimni yo‘qotdim", — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, shundan keyin Moskva viloyatining Odinsovo shahridagi 3-sonli harbiy gospitalga olib borilgan va u yerda 65 kun davolangan.
**"Gospitaldan qochib, O‘zbekiston elchixonasiga bordim"**
Sudlanuvchining aytishicha, davolanish jarayonida gospitaldan qochib ketgan va Moskvadagi O‘zbekiston elchixonasiga murojaat qilgan.
Uning ta’kidlashicha, elchixona "Vatanga qaytish guvohnomasi"ni rasmiylashtirib berganidan keyin 2026-yil 5-mart kuni "Vnukovo-Toshkent" aviareysi orqali O‘zbekistonga qaytgan.
A.M. sudda vatanga qaytgach, qilgan harakatlarining noqonuniyligini anglaganini va shu bois pushaymonlik arizasi bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilganini aytdi.
Shuningdek, u oilasining og‘ir ijtimoiy ahvolini, ota-onasi ham Rossiyaga ishlash uchun ketganini ta’kidlab, urushda ishtirok etishga majbur bo‘lganini, bu o‘z xohishi bilan qabul qilingan qaror emasligini bildirdi.
"Kelgusida bunday holat takrorlanmaydi", — dedi u va suddan unga nisbatan qonuniy yengillik qo‘llashni so‘radi.
Sud A.M.ga jazo tayinlashda uning aybiga to‘liq iqror bo‘lgani, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, pushaymonlik arizasi bilan murojaat qilgani hamda jangovar harakatlarda jarohatlanganini jazoni yengillashtiruvchi holatlar sifatida e’tirof etdi. Shu bilan birga, sud jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar mavjud emasligini qayd etdi.
Biroq sud qarorda A.M. Rossiya hududida qasddan sodir etilgan jinoyat uchun jazo o‘tagani, to‘liq tuzalish yo‘liga o‘tmagani va sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini hisobga olgan holda, uni jamiyatdan ajratmasdan turib axloqan tuzatish imkoni yo‘q, degan xulosaga kelganini qayd etdi.
Ayni paytda sud A.M.ning oilada asosiy boquvchi ekani, qaramog‘ida uch nafar farzandi borligi, turmush o‘rtog‘i ishlamasligi, oilasining og‘ir moddiy ahvoli, O‘zbekistonga qaytgach huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ixtiyoriy ravishda murojaat qilib, voqealarni batafsil bayon etgani hamda qilmishining oqibatlarini anglaganini jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini sezilarli kamaytiruvchi holatlar deb baholadi.
Shu asosda sud A.M.ni Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (Yollanish) bilan aybdor deb topdi va Jinoyat kodeksining 57-moddasini (Yengilroq jazo tayinlash) qo‘lladi.
Natijada unga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazo umumiy tartibli koloniyada o‘taladi.
Shuningdek, sud A.M.ga nisbatan qo‘llanilgan "munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat" ehtiyot chorasini bekor qilib, uni sud zalida darhol qamoqqa olish to‘g‘risida qaror chiqardi.

