Ukrainadagi reytinglar: Zalujniy va Fedorov Zelenskiydan oldinda
Agar yaqin vaqt ichida Ukrainada prezidentlik saylovi o‘tkazilsa, amaldagi prezident Volodimir Zelenskiy birinchi turda eng ko‘p ovoz to‘plashi mumkin. Biroq SOCIS markazi o‘tkazgan ijtimoiy so‘rov natijalariga ko‘ra, ikkinchi turda u sobiq Qurolli kuchlar bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy yoki sobiq mudofaa vaziri Mixail Fedorovga mag‘lub bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

Ukrainadagi reytinglar: Zalujniy va Fedorov Zelenskiydan oldinda
SOCIS ijtimoiy va marketing tadqiqotlari markazi tomonidan Ukrainada o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, agar prezidentlik saylovlari yaqin orada bo‘lib o‘tsa, birinchi turda Volodimir Zelenskiy 22,3 foiz ovoz bilan yetakchilik qiladi. Ikkinchi o‘rinni Ukraina Qurolli kuchlarining sobiq bosh qo‘mondoni va hozirda Buyuk Britaniyadagi elchi Valeriy Zalujniy 21,4 foiz ovoz bilan egallaydi.
Keyingi o‘rinlarda sobiq mudofaa vaziri Mixail Fedorov (13,1 foiz), prezident ofisi rahbari Kirill Budanov (8,3 foiz) va sobiq prezident Pyotr Poroshenko (6,1 foiz) joylashgan.
So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, ikkinchi turda Zalujniy Zelenskiy ustidan sezilarli ustunlik bilan g‘alaba qozonadi. Ovoz berishda ishtirok etishini bildirgan va o‘z tanlovini aniqlagan respondentlar orasida Zalujniy 66,2 foiz, Zelenskiy esa 33,8 foiz ovoz to‘playdi.
Shuningdek, agar ikkinchi turga Mixail Fedorov yoki Kirill Budanov chiqsa, ular ham Zelenskiyni shunga o‘xshash farq bilan mag‘lub etishi mumkinligi qayd etilgan. Faqat Pyotr Poroshenko bilan ehtimoliy bahsda Zelenskiy ustunlikka ega bo‘ladi.
Parlament saylovlari bo‘lib o‘tgan taqdirda esa shartli ravishda shakllantirilgan Zalujniy bloki 19,4 foiz, Fedorov bloki 17,9 foiz ovoz to‘plashi mumkin. "Xalq xizmatkori" partiyasi esa 12,7 foiz bilan uchinchi o‘rinni egallagan.
Tadqiqot shuningdek, respondentlarning 62,5 foizi Mixail Fedorovning mudofaa vaziri lavozimidan ozod etilishini qo‘llab-quvvatlamaganini ko‘rsatdi. Shu bilan birga, ishtirokchilarning aksariyati Qurolli kuchlar bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiyning lavozimdan ketishini ma’qullagan.
SOCIS so‘rovnomasi 28-iyuldan 2-avgustgacha Ukraina hukumati nazoratidagi, faol jangovar harakatlar olib borilmayotgan hududlarda istiqomat qiluvchi 2 ming nafar voyaga yetgan fuqaro o‘rtasida o‘tkazilgan. Tadqiqotning ehtimoliy xatolik darajasi ±2,6 foizni tashkil etadi.

