Siyosat

Zelenskiy Qirg‘iziston va Tojikistondagi elchilarini ishdan oldi

Zelenskiy Qirg‘iziston va Tojikistondagi elchilarni lavozimidan ozod etdi

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Avstriya, Tunis, Liviya, Tojikiston, Qirg‘iziston, Singapur va Bruneydagi elchilarini ishdan bo‘shatdi. Bu haqda “Ukrainskaya Pravda” nashri prezident farmonlariga tayanib xabar berdi.

Farmonlarga ko‘ra, Vasiliy Ximinets Ukrainaning Avstriyadagi elchisi, Vladimir Xomans esa Tunis va shu bilan birga Liviyadagi elchisi lavozimidan ozod etilgan. Shuningdek, Tojikistondagi (Valeriy Yevdokimov), Qirg‘izistondagi (Valeriy Jovtenko), Singapur va Bruneydagi (Yekaterina Zelenko) elchilar ham o‘z vazifasidan chetlatilgan.

Diplomatik korpusdagi bu o‘zgarishlar doirasida YUNESKO bo‘yicha vakillik ham almashgan. Zelenskiy bir vaqtning o‘zida Fransiyadagi elchi bo‘lib ishlayotgan Vadim Omelchenkoni Ukrainaning YUNESKOdagi doimiy vakili lavozimidan ozod qilgan. Uning o‘rnini esa Ukraina Tashqi ishlar vazirligining Ommaviy diplomatiya va strategik kommunikatsiyalar departamentini boshqargan Viktoriya Lyalina-Boyko egallagan.

Eʼlon qilingan farmonlarda diplomatik xodimlarning ishdan olinish sabablari aniqlashtirilmagan.

Avvalroq Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev bir qator elchilarni ishdan olgandi. Jumladan, 10-iyul kuni to‘rtta davlatdagi (Qirg‘iziston, Qatar, Serbiya va Vengriyadagi) elchi o‘zgargan. Vengriyaga ingliz, chex va fransuz tillarini biladigan ayol elchi tayinlangan. 22-iyul kuni esa To‘qayevning farmoni bilan Yerali Tugjanov Qozog‘istonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlandi. Prezidentning yana bir farmoni bilan Qozog‘istonning O‘zbekistondagi elchisi Beybut Atamqulov lavozimidan ozod etildi.

ukrainazelenskiyqirg‘izistontojikistonelchilardiplomatik korpuselchilarni ishdan olishdiplomatik o'zgarishlar