Siyosat

“Moskva tinchlikni istamasa, Vashington va Pekin uni bunga majbur qila oladi” — Zelenskiy

Zelenskiy: "Agar Moskva tinchlikni istamasa, Vashington va Pekin uni bunga majbur qila oladi"

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning ta'kidlashicha, mamlakat Rossiya bilan urushni diplomatik yo'l bilan yakunlash uchun barcha choralarni ko'rmoqda. Uning so'zlariga ko'ra, Ukrainaning raqiblari va ishonchsiz manbalarga tayanadiganlarning asosiy da'volaridan biri go'yoki Ukraina urush davom etishini xohlayotgani haqidagi gap-so'zlardir.

Zelenskiy bu ayblovlarni izchil, asosli va ishonchli tarzda rad etish kerakligini bildirdi. U aynan Ukraina tinchlikni xohlayotganini va biror kun ham bu urushni istamaganini ta'kidladi. "Rossiya esa urushni cho'zish va odamlar hayotiga imkon qadar ko'proq zarar yetkazish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda", dedi u.

Ukraina yetakchisi mamlakat diplomatiya yo'lida ishlayotganini va yordam bera oladigan barcha rahbarlar Kiyev har qanday mazmunli muzokaralar formatiga tayyor ekanini bilishini aytdi. Uning ta'kidlashicha, asosiy muammo Putinning muloqotga tayyor emasligida. "Diplomatik yo'l paydo bo'lishi uchun dunyoning hech bir poytaxtida bunga g'ov bo'lmasligi kerak. Agar Moskva tinchlikni istamasa, Vashington va Pekin uni bunga majbur qilishi mumkin", dedi Zelenskiy.

Shuningdek, u Rossiya "unchalik hisoblashgisi kelmaydigan" Yevropa davlatlarining ta'sirini oshirish uchun barcha imkoniyatlar ishga solinayotganini, natijada Rossiya Yevropani boshqa e'tiborsiz qoldira olmaydigan bo'lishini qo'shimcha qildi. Prezident yevropalik hamkorlar bilan xavfsizlik va siyosiy sohadagi hamkorlikning asosiy vazifalaridan biri ham aynan shundan iborat ekanini aytdi.

Avvalroq Zelenskiy Putin urushni to'xtatishga tayyor emasligini aytib, Rossiya urushga 500 ming kishini safarbar etishga tayyorlanayotganini ma'lum qilgandi.

rossiyaukrainaaqshzelenskiyxitoydiplomatiyatinchlikputin