Zelenskiy va Netanyahu Vashingtonda: marhum senator dafn qilindi
28 iyul kuni Vashingtonda marhum senator Lindsi Gremning dafn marosimi o‘tkazildi. Motam tadbiri mehmonlari orasida Ukraina prezidenti va Isroil bosh vaziri ham bor. Ikkala siyosatchi ta’ziya bahonasida o‘z dardi uchun kelgan. Ukrainaga havodan mudofaa qurollari kerak, Netanyahu esa davlatidagi saylovdan oldin AQSh qo‘llovi hamda Eron bilan urushni gaplashgani Oq uyga bordi. Kun.uzʼning AQShdagi muxbiriga ko‘ra, prezident qarorgohi atrofida xavfsizlik choralari jiddiy kuchaytirilgan.

Zelenskiy va Netanyahu Vashingtonda: marhum senator dafn etildi
Ukraina Rossiya havo hujumlariga qarshi turish uchun "Patriot" havo mudofaasi raketalarini izlamoqda. Zelenskiyning Vashingtonga tashrifidan asosiy maqsad ham Ukraina havo mudofaasi uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni topish va buni AQSh bilan muhokama qilish edi.
AP nashrining yozishicha, Oq uydagi muzokarada "Patriot" raketa tutib qoluvchi tizimlarni ishlab chiqarish bo‘yicha litsenziya va hamkorlik masalasi muhokama qilingan. Bundan tashqari, Tramp Rossiya bilan tinchlik muzokaralarini qayta tiklash masalasini ham ko‘targan.
Uchrashuvdan so‘ng Zelenskiy o‘z ijtimoiy sahifalarida muloqot yaxshi o‘tganini, oval kabinetda esa Tramp NATO sammitida va’da bergan mavzu – havodan mudofaa tizimlarini ishlab chiqarish uchun litsenziya masalasini gaplashganini yozdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Zelenskiyning safari qisqa muddatda tashkil etilgan va unga munosabat avvalgiga qaraganda iliqroq bo‘lgan bir paytda amalga oshirilmoqda. Prezident AQShning Kiyevga harbiy yordamini ta’minlashga harakat qilmoqda.
Aytish joizki, "Patriot" qurollari Ukraina uchun havodan hujumni ushlab qoluvchi asosiy tizim bo‘lib qolmoqda va Kiyevning qo‘lida bu qurollar surunkali kamayib bormoqda. Zelenskiyning Tramp bilan uchrashuvi harbiy yordam haqida hech qanday rasmiy e’lonsiz yakunlandi.
Benyamin Netanyahu esa AQSh-Isroil munosabatlari Eron bo‘yicha turli qarashlar tufayli yomonlashgan bir paytda safar qilmoqda. Shuningdek, Isroil bosh vaziri mamlakatida saylovlarga 3 oy qolganida hamda G‘arbiy sohilda reydlar avj olgan paytda Vashingtonda.
Netanyahu va Tramp shu yilning 28 fevralida Tehronga hujumlar boshlanganidan beri birinchi marta Oq uyda ko‘rishmoqda. Ikki siyosatchi Erondagi rejimni ag‘darishga bel bog‘laganidan 5 oy o‘tib, endi urushni qanday boshqarishni muhokamadan o‘tkazmoqda.
Netanyahu Tramp ma’muriyati davrida AQShning boshqa prezidentlari davridagiga qaraganda Oq uyga ko‘proq marta tashrif buyurgan. Siyosiy tahlilchilarga ko‘ra esa, Netanyahu qayta saylanish uchun Trampning qo‘llab-quvvatlovini kutmoqda.
Safardan avval Oq uy rasmiysi Reuters axborot agentligiga ikki tomon Eronga qarshi urush, shuningdek, Isroilning "Hizbulloh"ni nishonga olishi ortidan Eronning Livanni tark etish talabini muhokama qilishi mumkinligini aytgan.
Kunning ikkinchi yarmida esa marhum senator Lindsi Gremning dafn marosimi o‘tkazildi.

