Ukraina Wildberries omborlariga hujumlarni davom ettirmoqda
Marketpleysning Ryazan oblastidagi logistik markazi navbatdagi nishon bo‘ldi; Rossiya hukumati Wildberries va uning sotuvchilarini VTB banki orqali qo‘llamoqchi.

Ukraina Wildberries omborlariga hujumlarni davom ettirmoqda. 29-iyul kuni tongda Ukraina dronlari Wildberries’ning Ryazandagi omboriga hujum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan fotosuratlar va videolarda hududda kuchli yong‘in sodir bo‘lgani va binoning bir qismi qulab tushgani aks etgan. Wildberries kompaniyasi Ryazandagi omborning "vaqtincha buyurtmalarni qabul qilmasligi" va xodimlar evakuatsiya qilinganini ma’lum qildi.
Ukraina 18-iyuldan beri Wildberries’ning logistika markazlari va omborlariga hujum qilib kelmoqda. Shu vaqt ichida Rossiyaning turli hududlari va anneksiya qilingan Qrimda jami 10 ta ombor dron hujumiga uchradi.
Rossiya hukumati Ukrainaning kompaniya omborlariga uyushtirgan bir qator hujumlaridan so‘ng Wildberries marketpleysi va unga aloqador tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Reuters agentligining xabar berishicha, bu jarayonda VTB banki asosiy rol o‘ynashi mumkin.
Agentlik manbasining ta’kidlashicha, Wildberries qiyin vaziyatga tushib qolgan va barqaror faoliyatini saqlab qolish uchun davlat banklaridan yordam so‘rashga majbur bo‘ladi. Kompaniyaga yaqin va muzokaralar jarayoni bilan tanish bo‘lgan manbaning aytishicha, Wildberries asoschisi Tatyana Kim hukumat bilan ehtimoliy yordam choralarini muhokama qilmoqda. Ular orasida kompensatsiya to‘lovlari fonida kompaniyaga bo‘lgan bosimni kamaytirishi mumkin bo‘lgan soliq imtiyozlari ham bor.
Qo‘llab-quvvatlash marketpleysning o‘ziga yoki uning sotuvchilariga kreditlar shaklida, shuningdek, soliq imtiyozlari yoki subsidiyalar shaklida taqdim etilishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. Kreml Wildberries bilan bog‘liq vaziyat hukumat nazorati ostida ekanini ma’lum qilgan, ammo hozircha qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida hech qanday qaror qabul qilinmagan.
VTB banki raisi o‘rinbosari Dmitriy Pyanov agar bunday so‘rov tushadigan bo‘lsa, Wildberries’ni kredit bilan qo‘llab-quvvatlashni ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi.

