Ukraina TIV YuNISeFdan Rossiyani ochiq qoralashni talab qildi
Ukraina tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Andrey Sibixa BMTning Bolalar jamg‘armasi - YuNISeFning Rossiya va Ukrainadagi hujumlar oqibatida halok bo‘lgan va jarohatlangan bolalar haqidagi bayonotini tanqid qildi.

Ukraina Tashqi ishlar vazirligi YuNISEFdan Rossiyani ochiqchasiga qoralashni talab qildi. Bu haqda 9-avgust kuni Sibixa X ijtimoiy tarmog‘ida yozdi. Talab YuNISEFning 4-avgust kuni e’lon qilingan, "Rossiya Federatsiyasi va Ukrainadagi hujumlarda halok bo‘lgan va jarohatlangan bolalar" haqidagi bayonotiga nisbatan bildirilgan.
Ukraina rasmiysining fikricha, YuNISEF o‘z bayonotida "tajovuzkor va jabrlanuvchi o‘rtasida soxta tenglik" yaratgan. Sibixa bolalarning o‘limi Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi oqibati ekanligi bayonotda ko‘rsatilmaganini tanqid qildi.
YuNISEF o‘z bayonotida Rossiyaning Krasnodar o‘lkasidagi Gelenjik kurort shahri tarkibiga kiruvchi Arxipo-Osipovka qishlog‘ida plyajda uch nafar bola halok bo‘lganini ham tilga olgan. Sibixa esa, mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, bu qurbonlarga Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimi tomonidan dronning urib tushirilishi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi.
"Agenstvo. Novosti" Telegram-kanali ikki nafar harbiy ekspertga tayanib, uchuvchisiz qurilmaning harakat trayektoriyasi uning plyajda dam olayotgan odamlar ustiga Rossiya havo mudofaasi harakatlari oqibatida tushgan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatishini yozgan. OSINT-tahlilchi Kirill Mixaylovning taxminiga ko‘ra, hodisa mobil o‘t ochish guruhi faoliyati bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ayni paytda ushbu versiyalar mustaqil ravishda tasdiqlangani haqida ma’lumot keltirilmagan.
Sibixa YuNISEFning Dnipropetrovsk viloyatida bir oiladan halok bo‘lgan bolalar soniga oid ma’lumoti ham noto‘g‘ri ekanini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hujum natijasida bir oiladan uch emas, yetti nafar bola halok bo‘lgan. Ukrainaning NV nashri Dnipropetrovsk viloyati Kriviy Rix tumanidagi Radushnoye posyolkasida 6 yoshli Emiliya, 11 yoshli Azariy va 17 yoshli Mark Voronovlar halok bo‘lgani haqida yozgan. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, hujum paytida uyda ushbu oilaning yana bir nechta farzandi - 15 yoshli Dominika, 14 yoshli Viorika, 12 yoshli Zaxariy va 10 yoshli Veronika ham bo‘lgan. Shuningdek, oilaning bir yarim yoshli nabirasi Artyom ham uyda bo‘lgani aytilmoqda. Ularning barchasi vayronalar ostida halok bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi xabar qilingan.
Sibixa 8-avgust kuni Kiyev viloyatiga qilingan zarba oqibatida 3 yoshli bola halok bo‘lganini ham eslab o‘tgan. Ukraina TIV rahbari vazifasini bajaruvchi ushbu hodisalarni Rossiyaning "harbiy jinoyatlari" deb atab, YuNISEFni ularni ochiq qoralashga chaqirdi. Shuningdek, u Rossiyani ukrainalik bolalar o‘limiga olib kelayotgan hujumlarni to‘xtatishga chaqirgan.
Bundan avval, 1-avgust kuni Sibixa Ukraina hamkorlariga murojaat qilib, mamlakat havo mudofaasini kuchaytirish uchun qo‘shimcha yordam so‘ragan edi. Uning ta’kidlashicha, Ukrainaga qo‘shimcha havo va raketa hujumidan mudofaa tizimlari, shuningdek, tutib qoluvchi raketalar zarur.

