Rossiyaning tungi hujumlari: bolalar ham qurbon bo‘ldi
Rossiya qo‘shinlari 4-avgustga o‘tar kechasi va ertalab Ukrainaning bir qator viloyatlariga raketa, boshqariluvchi aviabombalar va hujumkor dronlar bilan ommaviy hujum uyushtirdi. Hujumlar oqibatida tinch aholi halok bo‘ldi, o‘nlab insonlar jarohatlandi, turar joylar va fuqarolik infratuzilmasiga jiddiy zarar yetdi.

Rossiyaning tungi hujumlari natijasida bolalar ham qurbon bo‘ldi.
Ukraina Ichki ishlar vazirligi va Davlat favqulodda vaziyatlar xizmatining xabar berishicha, Mikolayiv shahrida turar joy sektoriga qilingan hujum oqibatida 89 yoshli ayol vafot etgan. Yana yetti kishi, jumladan, ikki va 12 yoshli qizlar jarohatlangan.
Sumi shahrida Rossiya qo‘shinlari shaharning fuqarolik infratuzilmasiga oltita boshqariluvchi aviabomba tashlagan. Viloyat harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Grigorovning ma’lumotiga ko‘ra, hujum natijasida besh va o‘n yoshli ikki qizaloq hamda bir keksa ayol halok bo‘lgan. To‘rt kishi kuchli stress holati bilan shifokorlarga murojaat qilgan.
Hujumlar tufayli turar joy binolari va boshqa inshootlar vayron bo‘lgan. Qutqaruv ishlari davom etayotgan vaqtda amalga oshirilgan takroriy zarbalar natijasida qutqaruvchilarning texnikasi ham shikastlangan. Shuningdek, Rossiya hujumlari ortidan Sumi viloyatida keng ko‘lamli elektr ta’minoti uzilishi yuz bergan.
Donetsk viloyatining Kramatorsk shahri markaziga ikki boshqariluvchi aviabomba tushgan. Viloyat rahbari Vadim Filashkin va shahar meri Aleksandr Goncharenkoning ma’lumotiga ko‘ra, hujum oqibatida 22 kishi jarohatlangan.
Xarkiv viloyatining Balakleya shahrida raketa turar joy yaqiniga kelib tushishi natijasida ikki kishi jarohat olgan. Odessa viloyatidagi Belgorod-Dnestrovskiy shahrida ham yana ikki kishi yaralangan.
Dnipro shahrida omborxonalar nishonga olingan, ammo u yerda halok bo‘lganlar yoki jabrlanganlar haqida ma’lumot berilmagan. Chernixiv viloyatining Novgorod-Severskiy tumanida esa pochta infratuzilmasi ob’yektiga berilgan zarba oqibatida yong‘in kelib chiqqan.
Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlarining ma’lum qilishicha, 4-avgustga o‘tar kechasi Rossiya Rostov viloyatidan «Iskander-M» ballistik raketasini uchirgan va Ukraina hududiga 136 ta zarbali dron yo‘naltirgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Ukraina havo mudofaa tizimlari 117 ta dronni yo‘q qilgan yoki radioelektron kurash vositalari orqali zararsizlantirgan. Shunga qaramay, ballistik raketa va 14 ta dron 14 ta hududga zarba bergan, yana uch joyda esa urib tushirilgan nishonlar parchalari yerga tushgan.

