Uchko‘prikda “Inson” ijtimoiy xizmatlar bo‘limi xodimi fojiali tarzda halok bo‘ldi
Tumandagi obodonlashtirish ishlariga jalb qilingan “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining 34 yoshli xodimi Tohirjon Jo‘rayev tozalov ishlarini olib borayotgan vaqtida maysa o‘radigan qurilmaning o‘tkir tig‘li moslamasi chiqib ketib, yuragiga sanchilib qolgan.

Uchko‘prikda “Inson” ijtimoiy xizmatlar bo‘limi xodimi fojiali tarzda vafot etdi.
Kun.uz manbasiga ko‘ra, jamoatchilikdan sir tutilayotgan baxtsiz hodisa 29-iyul kuni yuz bergan.
Ma’lum bo‘lishicha, Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanidagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi xodimlari tumanning Qo‘qonboy hududini tozalash ishlariga jalb qilingan.
Atrofdagi maysalar o‘rilayotgan vaqtda o‘t o‘radigan mashinaning o‘tkir tig‘li moslamasi chiqib ketib, markazning 34 yoshli xodimi Tohirjon Jo‘rayevning yuragiga sanchilgan. Natijada xodim vafot etgan.
Aytishlaricha, voqea joyiga Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori Mansur Olloyorov yetib borgan va marhumning yaqinlari bilan uchrashgan.
Ushbu voqeani Kun.uz’ning bir-biridan mustaqil bo‘lgan ikki manbasi tasdiqladi.
“Tumanning qaysidir mahallasini tozalash bizning vazifamizga kirmaydi, byudjet tashkiloti xodimlarini hashar yoki majburiy obodonlashtirish ishlariga jalb etish amaliyoti to‘liq bekor qilinishi kerak. Majburiy mehnat yana bir inson umriga zomin bo‘ldi”, deydi marhumning hamkasblaridan biri.

