Iqtisodiyot

Turkiya yarim yilda 26 millionga yaqin sayyohni qabul qildi

Shu davrda mamlakatning turizm daromadlari o‘tgan yilgi ko‘rsatkichni saqlab qolib, 25,8 milliard AQSh dollarini tashkil

Turkiya Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy 31-iyul kuni Istanbulda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilishicha, mamlakat joriy yilning dastlabki olti oyida qariyb 26 million sayyohni qabul qilgan. Aniqroq aytganda, 2026-yilning birinchi yarmida Turkiyaga 25,8 million nafar xorijiy sayyoh tashrif buyurgan.

Shu davrda Turkiyaning turizm sohasidan olgan daromadi 25,8 milliard AQSh dollarini tashkil etib, o‘tgan yilgi ko‘rsatkichni saqlab qolgan.

Mehmet Nuri Ersoyning ta’kidlashicha, 2026-yilning birinchi yarmida mintaqaviy keskinliklar va global noaniqliklar turizm talabiga ma’lum darajada ta’sir ko‘rsatgan.

Vazir shunday dedi: "Turkiya ushbu mojarolarga aralashmagan va barcha aviakompaniyalarimiz hamda aeroportlarimiz uzluksiz ishlashda davom etgan bo‘lsa-da, Yaqin Sharq havo hududining yopilishi sayyohlar oqimining ma’lum darajada pasayishiga olib keldi. 2025-yilning dastlabki olti oyida Turkiya 26,4 million nafar sayyohni qabul qilgan bo‘lsa, joriy yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 25,8 millionni tashkil etdi. Yilning ikkinchi yarmi esa ijobiy boshlandi va mavjud prognozlarga ko‘ra, yil yakuniga qadar natijalar sezilarli darajada yaxshilanishi kutilmoqda. Strategik tashabbuslar natijasida turizm daromadlarini 2025 yil darajasida saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldik va birinchi yarim yillikni 25,8 milliard AQSh dollari miqdoridagi daromad bilan yakunladik."

Shuningdek, Turkiyada sayyohlarning o‘rtacha qolish muddati 0,5 foizga oshib, 10,01 kechaga yetgan. Bir kechaga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha xarajat esa 2,6 foizga ko‘payib, 109 AQSh dollarini tashkil etgan.

Turkiyaga eng ko‘p sayyoh tashrif buyurgan davlatlar ro‘yxati o‘zgarishsiz qolgan: Rossiya Federatsiyasi (2,65 million), Germaniya (2,44 million) va Buyuk Britaniya (1,58 million).

tourism statisticstravel trendsturkeyeconomic impacttourismtourist numberstourism revenueinternational visitors