Markaziy Osiyo turizm o‘sishi bo‘yicha dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi

Markaziy Osiyo turizm sohasida jahon miqyosida eng yuqori o‘sish sur’atlarini namoyish etdi. Jahon sayohat va turizm kengashi (WTTC) hisobotiga ko‘ra, 2025-yilda mintaqada turizmning iqtisodiyotga qo‘shgan hissasi 17,7 foizga oshib, bu ko‘rsatkich bo‘yicha dunyo mintaqalari orasida yetakchilik qildi, deya xabar berdi Economist.kg.
2025-yil yakunlariga ko‘ra, turizm Markaziy Osiyo iqtisodiyotiga 20,1 milliard dollar hissa qo‘shgan, bu mintaqa yalpi ichki mahsulotining 4,3 foizini tashkil etadi. Taqqoslash uchun, 2019-yilda bu ko‘rsatkich 15,8 milliard dollarni tashkil etgan edi. Demak, pandemiya davrigacha bo‘lgan davrga nisbatan turizmning iqtisodiyotga hissasi 27,1 foizga o‘sgan. Faqatgina 2025-yilning o‘zida esa o‘sish 17,7 foizni tashkil etgan. Bu Shimoli-sharqiy Osiyodagi 8,7 foiz va Janubi-sharqiy Osiyodagi 7,6 foiz ko‘rsatkichlaridan sezilarli darajada yuqori.
Markaziy Osiyoda xorijiy sayyohlar tomonidan sarflangan mablag‘lar 26,4 foizga oshgan. Turizm sohasida band bo‘lganlar soni 9,5 foizga, sohaga kiritilgan investitsiyalar esa 12,4 foizga ko‘paygan.
Hisobotda qayd etilishicha, hozirda turizm mintaqada 1,7 million kishini ish bilan ta’minlamoqda, bu har 17 ta ish o‘rnidan birining turizm bilan bog‘liqligini anglatadi. 2036-yilga borib, bu sohada ishlayotganlar soni 2,2 million kishiga yetishi kutilmoqda.
2025-yilda sayyohlar Markaziy Osiyoda jami 15,4 milliard dollar sarflagan. Shundan 9,9 milliard dollari xorijiy sayyohlar, 5,5 milliard dollari esa mahalliy sayyohlar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Xarajatlarning 84,5 foizi dam olish va ko‘ngilochar sayohatlar bilan bog‘liq bo‘lgan, ishbilarmonlik maqsadidagi safarlar ulushi esa 15,5 foizni tashkil etgan.
Mintaqa aholisi 2025-yilda xorijiy sayohatlar uchun eng ko‘p O‘zbekistonni tanlagan, jami xorijiy sayohatlarning 25 foizi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri kelgan. Keyingi o‘rinlarda Qozog‘iston (23 foiz), Qirg‘iziston (18 foiz), Rossiya (16 foiz) va Turkiya (6 foiz) qayd etilgan.
Mutaxassislarning fikricha, mintaqada turizmning tez o‘sishi tarixiy shaharlar, tog‘ va ekologik yo‘nalishlarga qiziqishning ortishi, transport qatnovlarining kengayishi hamda viza tartiblarining yengillashishi bilan bog‘liq.
Shu bilan birga, Markaziy Osiyoga kelgan sayyohlarning 29 foizi Qozog‘iston, 22 foizi O‘zbekiston, 20 foizi Rossiya va 19 foizi Qirg‘iziston fuqarolari bo‘lgan.
Prognozlarga ko‘ra, 2026-yilda turizmning Markaziy Osiyo iqtisodiyotiga qo‘shadigan hissasi 21,7 milliard dollarga yetishi mumkin.

