Trampga Eron bilan muzokaralardan kuyovini chetlatish tavsiya qilindi

Trampga Eron bilan muzokaralardan kuyovini chetlatish tavsiya qilindi. AQSH senatori Mark Kelli prezident Donald Trampni Eron bilan muzokaralarni tajribali diplomatlar qo‘liga topshirishga chaqirdi. U Trampdan kuyovi Jared Kushner va maxsus vakil Stiv Uitkoffni muzokaralardan chetlatishni so‘radi. Bu haqda The Independent xabar berdi.
Kushner va Uitkoff bir necha oydan beri AQSHning Eron bilan muzokaralarida muhim rol o‘ynab kelmoqda. 2-avgust kuni demokrat senator Mark Kelli prezident ma’muriyatining Eronga nisbatan siyosatini keskin tanqid qilib, Tramp tayinlagan muzokarachilar o‘z vazifalarini uddalay olmayotganini aytdi.
“Men unga shu paytgacha qilgan ishini takrorlamaslikni, ya’ni muzokaralarni ko‘chmas mulk sohasidagi do‘sti va kuyoviga topshirmaslikni maslahat bergan bo‘lardim”, dedi Kelli.
Uning fikricha, Tramp muzokaralarga Eron bilan ishlash tajribasiga ega mutaxassislarni jalb etishishi, shuningdek, ittifoqchilarni yana birlashtirib, xalqaro koalitsiyani tiklashi kerak. Kelli Tramp ma’muriyatining Eronga nisbatan siyosatini bir necha oydan beri tanqid qilib kelmoqda. Xususan, u Eronning yadroviy dasturini yo‘q qilish uchun harbiy kuch ishlatish zarurligini shubha ostiga qo‘ygan.
“Hozir, yadro dasturi masalasi butunlay ikkinchi darajaga tushib qolgan bir paytda, Tramp ma’muriyati avvalgi holatga qaytish yo‘lini izlashga e’tibor qaratmoqda”, deyiladi xabarda.
Nashrning yozishicha, Tramp iyun oyida Hormuz bo‘g‘ozini xalqaro kemalar qatnovi uchun qayta ochishni nazarda tutuvchi kelishuvga erishish uchun bir necha hafta davomida muzokaralar olib bordi. Biroq bu sa’y-harakatlar deyarli samara bermadi.
“Bu kelishuv, AQSH va Eron o‘rtasidagi sulh kabi, o‘shanda barbod bo‘ldi”, deya ta’kidlaydi nashr.
Oq uy vakillari bir necha oydan beri Eronni Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochishga, xalqaro kemalar uchun xavfsiz va erkin harakatlanishni ta’minlashga ko‘ndirishga urinmoqda. Ammo bu boradagi urinishlar hozircha natija bermagan.
Uitkoff va Kushnerga Ukraina—Rossiya urushini tugatish vazifasi ham yuklatilgan, Tramp bu masala ikkinchi muddatining birinchi kuniyoq, 2025-yil 20-yanvarda hal etilishini bir necha bor va’da qilgan. Ular e’tiborni Eronga qaratishdan oldin Ukrainadagi urush bo‘yicha hech qanday sezilarli yutuqlarga erisha olmadi.

