Nega Eron Qo‘shma Shtatlar bilan muzokaralarga qaytishga shoshilmayapti?
Janglar vaqtincha to‘xtagan bir paytda, Eron yetakchilari – prezident Trampga qaraganda qiyinchiliklarga ko‘proq bardosh bera olishiga ishonmoqda. Tramp esa Eron bilan yangi muzokaralarni qo‘llab-quvvatlamoqda, ammo bu safar nimaga erishmoqchi ekani noma’lum.

**Nega Eron Qo‘shma Shtatlar bilan muzokaralarga qaytishga shoshilmayapti?**
AQSh bilan deyarli ikki haftalik keskin janglardan so‘ng, so‘nggi kunlarda Eron hududida portlashlar va havo hujumlari to‘xtadi. Biroq Eron rasmiylari o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lmaganliklarini va amerikaliklar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarga kirishishga shoshilmayotganliklarini ma’lum qildi.
"New York Times" nashrining xabar berishicha, Eron rasmiylari hozirda o‘zlarini ustun mavqeda deb hisoblamoqda. Harbiy amaldorlar jang maydonidagi muvaffaqiyatlari bilan faxrlanayotgan bo‘lsa, diplomatlar AQShning "Eron muzokaralarga qaytishga intilmoqda" degan da’volarini rad etdi.
**Janglarning to‘xtashi va bayonotlar**
Urush davomida Eron ustidan nazoratini mustahkamlagan Islom inqilobi muhofizlari korpusining sobiq vakili Ramazon Sharif yakshanba kuni "Eronning dushmani har bir qadamda strategik mag‘lubiyatga uchradi", dedi.
Eronlik diplomatlar esa janglarning to‘xtashiga bosiqlik bilan munosabat bildirdi, ammo murosaga tayyor ekanliklarini deyarli namoyon etmadi. Eron tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Bag‘oiy: "Hozirgi vaqtda mavjud bo‘lgan holatni o‘t ochishni to‘xtatish deb ta’riflab bo‘lmaydi", dedi.
Bag‘oiy Amerikaning Eronga qarshi urushini "ularning o‘zlari yaratgan botqoqlik" deb atadi. Uning ta’kidlashicha, Eronning muzokaralari Ummon bilan Ho‘rmuz bo‘g‘ozini boshqarish bo‘yicha olib borilmoqda. Ushbu bo‘g‘oz neft va gaz tashish uchun o‘ta muhim suv yo‘li bo‘lib, Eron fevral oyida AQSh va Isroil hujumiga uchraganidan so‘ng uni amalda yopib qo‘ygan edi.
**Eron uchun jiddiy sinov**
Tehrondan yangrayotgan ritorika Eron rahbarlarining AQSh bilan urushning noaniq va muallaq holatidan mamnundek ko‘rinayotganidan dalolat beradi. Ular mojaro qayta boshlansa, uni eplay olishiga va Donald Trampga nisbatan ta’sir dastagiga ega ekaniga ishonmoqda. Eron birinchi darajali deb hisoblayotgan natija bu – uning Ho‘rmuz bo‘g‘ozi ustidan nazorati tan olinishidir. Biroq AQSh ham bu borada yon berishni istamayapti.
Tahlilchilarning aytishicha, bunday kayfiyatdagi bayonotlarga qaramay, istalgan daqiqada urush yoki tinchlik borasidagi noaniqlik Eron uchun jiddiy sinov bo‘ladi. Janglar istalgan vaqtda qayta avj olishi mumkin, yakuniy kelishuv esa hali olisda. Beqarorlik, urush talofatlari hamda AQShning dengiz blokadasi sababli Eron iqtisodiyoti yanada yomonlashishi ehtimoli yuqori.
Siyosiy xatarlarni baholash bo‘yicha katta tahlilchi Gregori Bryu shunday dedi: "Eron vaqt ularning foydasiga ishlayotganiga, Donald Trampga qaraganda bosim va qiyinchiliklarga muvaffaqiyatliroq bardosh bera olishiga ishonishadi. Bundan tashqari, ular oxir-oqibat u o‘z taraflaridan hech qanday yon berishlarsiz, Eron talablariga mos keladigan kelishuvga rozi bo‘lishiga ham ishonadi".
Tahlilchiga ko‘ra, lekin Eron o‘z imkoniyatlarini ortiqcha baholash va chegaradan chiqib ketish xavfi ostida. "Chunki Tramp uchun urushni avj oldirish – Eronning bo‘g‘oz ustidan nazoratini tan oladigan kelishuvni qabul qilishdan ko‘ra jozibadorroqdir", deydi tahlilchi. Shuningdek, Eronning qo‘shnilari va boshqa davlatlar kemalar uchun to‘lovlar joriy etilishini qabul qilishi qiyin masala. Agar Eron ushbu suv yo‘lining kelajagi bo‘yicha murosa shartlariga rozi bo‘lsa, ikki taraf uchun ham vaziyatni yumshatish imkoniyati bor.
**Tramp ham arosatda**
Eronga nisbatan qayta boshlangan hujumlar orqali o‘z maqsadlariga erisha olmagan Tramp, yangi muzokaralar yordamida yaxshiroq natijalarga umid qila oladimi-yo‘qmi, bu noaniq bo‘lib qolmoqda.
AQSh sobiq rasmiylarining NYTga aytishicha, bo‘ysunmayotgan Eron noyabr oyidagi oraliq saylovlar yaqinlashgani sari Trampning ta’sir dastagi tez so‘nayotganini ko‘rmoqda. Ba’zi yuqori martabali respublikachi rasmiylar uni allaqachon nizoni yakunlashga undamoqda.
AQShda yonilg‘i narxining yuqoriligi Trampning partiyadoshlari allaqachon xavotirga solmoqda va ularning nizoga nisbatan sabrsizligi ortib bormoqda: "Biz buni yakunlashimiz kerak", dedi Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson o‘tgan haftada jurnalistlarga.
Shunga qaramay, seshanba kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Oq uyga tashrif buyurganida Tramp qarama-qarshi bosimga duch keladi. Netanyahu urushni davom ettirish tarafdori va u bu pozitsiyani Trampga yetkazishga harakat qiladi.
Biroq Tramp o‘tgan ikki haftalik eskalatsiya davomida tushunganidek, harbiy harakatlar bozorlarni larzaga keltiradi va energiya narxlarini keskin oshirib, amerikalik iste’molchilarga qattiq zarba berishi mumkin.
Yaqin Sharq Siyosati bo‘yicha Vashington Instituti tadqiqotlar direktori Dana Stroulning aytishicha, Tramp ma’muriyati Eronga qarshi yolg‘iz harakat qilishga urindi. "Endi ular kemachilik erkinligini tiklashni xohlashsa, xalqaro tizimda ittifoqchilar va hamkorlar bilan ishlash mutlaqo zarurligini tushunib yetishmoqda".
Aslida G‘arbiy Yevropaning ba’zi mamlakatlari bo‘g‘ozni patrullashda yordam berishini aytgan. Ammo bitta muhim shart bilan: birinchi navbatda Eron va AQSh o‘rtasidagi harbiy harakatlar yakunlanishi kerak. Bu esa hozircha Tramp uchun katta bosh og‘riq bo‘lib turibdi.

