Mahalliy

Toshkentning ayrim mahallalarida bir sutka sovuq suv bo‘lmaydi

Mirzo Ulug‘bek tumanidagi suv taqsimlash inshootida 3-avgust kuni soat 10:00 dan boshlab bir sutka davomida profilaktika ishlari olib boriladi. Shaharning ayrim hududlarida suv vaqtincha to‘xtatiladi — bu 22 ta mahalla va 33 ming nafar aholiga ta’sir qiladi. Suv maxsus transport orqali yetkazib beriladi.

Toshkentning ayrim hududlarida bir sutka davomida sovuq suv ta’minoti to‘xtatiladi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi ichimlik suvi tarmoqlarida rejalashtirilgan profilaktika ishlari o‘tkazilishi munosabati bilan xabar berdi. Jarayon dushanba kuni ertalab boshlanib, 24 soat davom etadi.

Ishlar Mirzo Ulug‘bek tumanidagi suv taqsimlash inshootida 3-avgust kuni soat 10:00 dan 4-avgust soat 10:00 gacha amalga oshiriladi.

Xabarda ta’kidlanishicha, "asosiy maqsad – shahar suv ta’minoti tarmoqlaridagi bosimni me’yorlashtirish, ichimlik suvining yanada bir me’yorda taqsimlanishini ta’minlash, tizim ishonchliligini oshirish hamda undan foydalanishda elektr energiyasi sarfini kamaytirishdan iborat".

Mutaxassislar diametri 1200 mm bo‘lgan 2 ta va diametri 800 mm bo‘lgan 3 ta magistral zulfinni almashtirishi kerak bo‘ladi. Ishni to‘liq va xavfsiz bajarish uchun 24 soat vaqt talab etiladi.

Hokimlikning qo‘shimcha qilishicha, "aholining ertalabki suv iste’moli eng yuqori bo‘lgan vaqtda ichimlik suvidan foydalanib qolishi uchun ishlarni soat 10:00 da boshlash belgilandi".

Ishlar olib borilayotgan davrda ayrim hududlarda ichimlik suvi uzatish vaqtincha to‘xtatiladi (ro‘yxat). Vaqtinchalik cheklov 22 ta mahallaga, 884 ta ko‘p xonadonli uyga, 7006 ta yakka tartibdagi xonadonga, 242 ta davlat va ijtimoiy soha muassasasiga hamda 33 017 nafar aholiga ta’sir qiladi.

Markazlashgan suv ta’minotidan vaqtincha uzilgan barcha mahallalar, shuningdek, davlat va ijtimoiy muassasalarga ichimlik suvi maxsus transport vositalari orqali yetkazib beriladi (ro‘yxat).

Hokimlik yuzaga kelgan noqulayliklar uchun uzr so‘radi va aholidan imkon qadar oldindan zarur ichimlik suvi zaxirasini yaratib qo‘yishni iltimos qildi.

water outagepublic noticecold waterutility workmirzo ulug‘bek districtmaintenancetashkentwater supply