Toshkentdagi ko‘p qavatli uyda yong‘in chiqdi, 26 kishi evakuatsiya qilindi

Toshkentning Olmazor tumanida joylashgan ko‘p qavatli uyda yong‘in sodir bo‘ldi, natijada 26 nafar fuqaro evakuatsiya qilindi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Xabarga ko‘ra, 5-avgust kuni tungi soat 02:19 da Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga Olmazor tumani Usta Shirin ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uyning 6-kirish yo‘lagidagi elektr qutisida yong‘in chiqqani haqida xabar kelib tushgan.
“Daryo” nashriga kelib tushgan murojaatga ko‘ra, yong‘in tumandagi “Assalom Jomiy” turar joy majmuasida ro‘y bergan. Binoning 4-qavatidagi xonadonlarga kirish qismi zarar ko‘rgan.
Qutqaruv bo‘linmalari voqea joyiga soat 02:25 da yetib borib, yong‘inni soat 03:58 da to‘liq bartaraf etgan.
Yong‘in natijasida 6-kirish yo‘lagidagi taxminan 60 pogonometr elektr kabellari yonib, shikastlangan. Qutqaruvchilar tomonidan ko‘p qavatli uydan 26 nafar fuqaro xavfsiz joyga evakuatsiya qilingan.
Hodisa oqibatida hech kim tan jarohati olmagan. Hozirda yong‘inning kelib chiqish sababi va yetkazilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.

