Toshkentda Yoshlar kreativ parki tashkil etiladi va kitob savdosi tarmog‘i kengaytiriladi
Toshkentning Olmazor tumanida startaplarni qo‘llab-quvvatlash, o‘qitish va kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish uchun Yoshlar kreativ parki ochiladi. Shuningdek, gavjum joylarda kitob pavilyonlari va Book Cafe’lar ochishga ruxsat berilib, savdo markazlarida kitob do‘konlari bo‘lishi majburiy etib belgilanadi.

Toshkentda Yoshlar kreativ parki tashkil etiladi va kitob savdosi tarmog‘i kengaytiriladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-iyul kuni “2026−2027-yillarda Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Hujjatga ko‘ra, poytaxtning Olmazor tumanida Yoshlar kreativ parki barpo etiladi. U yoshlarning startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, kasb-hunarga o‘qitish va mazmunli hordiq chiqarishini tashkil etish maydonchasiga aylanishi lozim. Parkda xorijiy tillar hamda xaridorgir zamonaviy kasblarni o‘rgatish rejalashtirilgan. Uning faoliyatidagi alohida yo‘nalish yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini oshirish bilan bog‘liq bo‘ladi.
Kitob savdosini tashkil etish uchun taklif qilinadigan munitsipal mulk obyektlari (bino va inshootlar) kitob sotish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri berilishi mumkin. Qarorni Toshkent shahri hokimi qabul qiladi, tekin foydalanish muddati besh yilni tashkil etadi.
“Toshkent kitob tijorat” assotsiatsiyasiga kiruvchi tadbirkorlarga yengil konstruksiyali kitob pavilyonlarini quyidagi joylarda o‘rnatishga ruxsat beriladi:
* Metro bekatlari yaqinida;
* Jamoat transporti bekatlarida;
* Aholi gavjum joylarda.
Assotsiatsiya a’zolari, shuningdek, poytaxtning tunu kun ishlaydigan sayilgoh zonalarida Book Cafe’lar ochishi va “kitob ko‘chalari”ni tashkil etishi mumkin bo‘ladi. Bunday maydonlarda kitob savdosini qahvaxonalar, mutolaa hududlari hamda madaniy tadbirlar bilan uyg‘unlashtirish ko‘zda tutilgan. Maydoni 5000 kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan savdo markazlarida kitob do‘konlarini ochish bo‘yicha majburiy talab joriy etiladi.
Dual ta’lim tizimi bo‘yicha har yili kamida 3000 kishini bepul o‘qitadigan sanoat va xizmat ko‘rsatish sohasi korxonalari uchun alohida imtiyozlar ko‘zda tutilgan. Kasb-hunar ta’limi agentligi bilan kelishilgan holda, Toshkent shahri hokimi bunday tadbirkorlarga texnikumlarning bino va inshootlarini hamda boshqa davlat mulki obyektlarini 10 yilgacha bo‘lgan muddatga tekin foydalanishga berishi mumkin. Buning sharti obyektlarni tadbirkor hisobidan ta’mirlash va jihozlashdan iborat bo‘ladi. Bundan tashqari, biznesga maydoni 1500 kvadrat metrgacha bo‘lgan bo‘sh yer uchastkalari ajratilishi mumkin. Tadbirkor ushbu yer uchastkasida bino yoki inshoot barpo etib, uni davlatga topshirishi kerak bo‘ladi, shundan so‘ng obyekt undan 15 yilgacha tekin foydalanish uchun beriladi.
Eslatib o‘tamiz, aprel oyida prezident kitobxonlik faolligini rag‘batlantirish tizimini yo‘lga qo‘yish, jumladan, davlat organlarida “kitob burchaklari”ni tashkil etish hamda eng ko‘p kitob o‘qigan xodimlarga pul mukofotlari to‘lash bo‘yicha topshiriq bergandi. Yoshlar ishlari agentligi huzurida Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilgan.

