Mahalliy

Toshkentdagi katta savdo markazlarida kitob do‘konlari tashkil etish majburiy bo‘ladi

Poytaxtda 5 ming kvadrat metrdan katta savdo markazlari endi kitob do‘konisiz faoliyat yurita olmaydi. Yangi

Toshkentdagi yirik savdo markazlarida kitob do‘konlari ochish majburiy bo‘ladi. Bu haqda Prezidentning 2026-yil 27-iyuldagi PQ–279-sonli qarorida belgilangan bo‘lib, unda Toshkent shahrini 2026–2027-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan. Hujjatga ko‘ra, 2031-yil 1-yanvargacha poytaxtda bir qator yangi mexanizmlar sinov tariqasida joriy etiladi.

Qarorga muvofiq, maydoni 5 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan savdo markazlarida kitob do‘konlari tashkil etish majburiy talabga aylanadi.

Shuningdek, qaror bilan barcha tumanlarni maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari bilan bog‘lash hamda ularning investitsiya salohiyatini oshirish bo‘yicha yangi tartib o‘rnatildi. Har bir tumanga loyihalarni joylashtirish uchun maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari hududidan yer maydonlari Toshkent shahar hokimi qarori bilan biriktiriladi.

Qarorga binoan, "Toshkent kitob tijorat" uyushmasiga a’zo bo‘lgan kitob savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga aholi gavjum hududlarida yengil konstruksiyali kitob do‘konlarini o‘rnatishga ruxsat beriladi. Xususan, bozorlar, yirik savdo markazlari, shoh ko‘chalarda kitob savdosi yo‘lga qo‘yilishi, shuningdek "Book cafe"lar tashkil etilishi mumkin.

Bundan tashqari, poytaxtda tashkil etilayotgan 24 soat faoliyat ko‘rsatadigan sayilgohlarda "Kitob ko‘chasi" loyihasini yo‘lga qo‘yish ham nazarda tutilgan.

Qarorda yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslar ham aks etgan. Jumladan, Olmazor tumanidagi Yoshlar markazi binosida Yoshlar kreativ parki tashkil etiladi. Ushbu parkda istiqbolli startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, xorijiy tillar va zamonaviy kasblarga o‘qitish, shuningdek kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish bo‘yicha dasturlar amalga oshiriladi.

investmentyouth supporttashkent developmentbookstoreseconomic zonescreative parkstartup projectsreading culture