Toshkentda kichik biznesga bino va yer bepul beriladi
Toshkentda kichik biznesga davlat binolari 10 yilgacha, ayrim yer uchastkalari esa 15 yilgacha bepul foydalanishga berilishi mumkin.

Toshkentda kichik biznesga bino va yer tekinga beriladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti tomonidan "Toshkent shahrini 2026–2027 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qaror imzolandi. Ushbu hujjatda foydalanilmayotgan davlat mulkini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etishning yangi mexanizmlari belgilangan.
2026-yil 1-avgustdan boshlab, Toshkent shahar hokimi Savdo-sanoat palatasi reyestriga kiritilgan, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarida faoliyat yuritayotgan kichik biznes subyektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir ayrim qarorlarni qabul qilish vakolatiga ega bo‘ladi.
Hujjatga ko‘ra, bunday tadbirkorlarga bo‘sh turgan davlat binolari va inshootlari 10 yilgacha muddatga bepul foydalanishga berilishi mumkin. Bunda obyektlarni taʼmirlash va jihozlash tadbirkorlarning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi majburiy shart hisoblanadi.
Shuningdek, kichik biznes subyektlari maydoni 1,5 ming kvadrat metrgacha bo‘lgan bo‘sh yer uchastkalarida investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Qurilish ishlari yakunlanib, barpo etilgan obyekt davlatga topshirilganidan so‘ng, yer uchastkasi tadbirkorga 15 yilgacha muddatga bepul foydalanish uchun berilishi mumkin.
Qarorda taʼkidlanishicha, ushbu yangi choralar foydalanilmayotgan davlat mulkini iqtisodiy aylanmaga kiritish, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash hamda poytaxtda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish faoliyatini kengaytirishga qaratilgan.

