Mahalliy

Prezident Toshkentni rivojlantirishga oid qarorni imzoladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrini 2026–2027 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Hujjatda sanoat, investitsiya, infratuzilma, turizm, savdo, yoshlar siyosati va shaharsozlik sohalarini qamrab olgan keng ko‘lamli vazifalar belgilangan.

Prezident tomonidan Toshkent shahrini taraqqiy ettirishga qaratilgan qaror imzolandi.

Ushbu qarorga ko‘ra, 2026-yilga borib Toshkent shahrining yalpi hududiy mahsulotini 11,7 foizga, sanoat ishlab chiqarishini 8,5 foizga, bozor xizmatlarini 19 foizga va qurilish ishlarini 17,3 foizga oshirish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, 2026-yilda 9 milliard AQSh dollari, 2027-yil yakuniga qadar esa 10 milliard AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish rejalashtirilgan.

Hujjatga asosan, 2031-yil 1-yanvargacha bir qator yangi mexanizmlar sinov tariqasida joriy etiladi. Bularga maxsus iqtisodiy va sanoat zonalarini kengaytirish, tayyor biznes loyihalarini elektron auksion orqali sotish, ko‘p qavatli sanoat binolarini qurish hamda renovatsiya dasturlarini amalga oshirish kiradi.

Qarorda, shuningdek, "O‘n besh daqiqalik shahar" konsepsiyasini hayotga tatbiq etish, yashil maydonlarni ko‘paytirish, suv resurslarini boshqarish markazini tashkil etish, gastronomik va tungi turizmni rivojlantirish, yoshlar uchun kreativ parklar tashkil etish hamda kitob savdosini rag‘batlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan.

Qarorning ijrosini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Bosh vaziri zimmasiga yuklatilgan.

iqtisodiy o'sishekologiyaturizminvestitsiyalarshaharsozliktoshkent rivojlanishiyoshlar siyosatiboshqaruv