Toshkentda uchrashuvga chiqqan qizga shilqimlik qilgan erkak 5 sutkaga qamaldi

Toshkentda uchrashuvga chiqqan qizga shilqimlik qilgan erkak 5 sutkaga qamaldi
Toshkent shahrida uchrashuvga chiqqan qizning og‘zini qo‘li bilan yopib, sochidan tortgan 31 yoshli erkak 5 sutkaga qamaldi. “Daryo” sud hujjatlari bilan tanishdi.
Voqea 2026-yil 9-iyul kuni soat 23:56 atrofida Shayxontohur tumanidagi madaniyat va istirohat bog‘ida sodir bo‘lgan. Sud hujjatiga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasida tug‘ilgan erkak bog‘da o‘ziga tanish bo‘lgan qizning oldiga kelib, u bilan gaplashmoqchi bo‘lgan. Qiz esa muloqot qilishni istamasdan, ketmoqchi bo‘lgan. Shunda erkak uni majburan to‘xtatib, og‘zini qo‘li bilan yopgan va sochidan tortgan. Shuningdek, qizga “Menga turmushga chiqasan”, deya shahvoniy shilqimlik qilgan.
Sud majlisida jabrlanuvchi erkakning xatti-harakatlari uning xohishiga qarshi sodir etilganini aytib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan. Erkak esa qilmishidan pushaymonligini bildirib, jabrlanuvchidan uzr so‘ragan. Biroq sud erkakni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi 1-qismi bilan aybdor deb topib, unga nisbatan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlagan.
Avvalroq Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida 16 yoshli maktab o‘quvchisiga Telegram orqali tungi vaqtlarda ishqiy xabarlar yuborib, uni yarim tunda uchrashuvga chaqirgan maktab maslahatchisi 5 sutkaga qamalgani haqida xabar qilingandi.
Shahvoniy shilqimlik qilganlik uchun jazo
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasiga ko‘ra, shahvoniy shilqimlik qilish, ya’ni shaxsga nisbatan uning uchun nomaqbul bo‘lgan hamda uning sha’ni va qadr-qimmatini tahqirlaydigan, shaxsning tashqi qiyofasini yoki qaddi-qomatini tavsiflashda, imo-ishora qilishda, teginishda, chaqirishda ifodalangan, shahvoniy xususiyatga ega bo‘lgan harakatlarni bir marta qo‘pol ravishda yoki bir necha marta sodir etganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi. Xuddi shunday huquqbuzarliklar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Abubakr Odiljonov

