Toshkentda skuter va moped haydovchilari bo‘yicha reyd o‘tkazildi
Toshkent shahrida kunduzgi va tungi reydlar davomida skuter, moped va velosiped haydovchilarining yo‘l harakati qoidalariga rioya qilishi nazorat qilindi. Qoidabuzarlik sodir etgan mototransport vositalari haydovchilariga nisbatan qonuniy choralar ko‘rildi.

Toshkentda skuter va moped boshqaruvchilari ishtirokida maxsus reyd tadbirlari o‘tkazildi.
Toshkent shahar IIBB YHXB axborot xizmatining xabar berishicha, ushbu reydlar davomida yo‘l harakati qatnashchilari orasida profilaktik va tushuntirish ishlari ham amalga oshirilgan.
Jumladan, skuter, moped va velosiped haydovchilariga yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya etish, harakatlanish chog‘ida ehtiyotkor bo‘lish hamda himoya vositalaridan foydalanish muhimligi tushuntirilgan.
Bundan tashqari, reydlar davomida yo‘l harakati qoidalarini buzgan mototransport vositalari haydovchilari aniqlanib, ularga nisbatan belgilangan tartibda qonuniy choralar qo‘llanilgan.
YHXB ma’lumotlariga ko‘ra, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va qoidabuzarliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlar muntazam ravishda davom ettiriladi.

