Toshkentda yil boshidan buyon avtobuslarda chiptasiz yurgan qariyb 80 ming yo‘lovchi jarimaga tortildi
Toshkentda 2026-yil boshidan buyon avtobuslarda chiptasiz yo‘l yurgan 79,6 mingdan ortiq yo‘lovchiga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Ularga jami qariyb 2 mlrd so‘m jarima qo‘llanildi. Iyul oyida esa 10,5 mingdan ziyod qoidabuzar aniqlandi.

Toshkentda joriy yil boshidan buyon avtobuslarda chiptasiz harakatlangan qariyb 80 ming yo‘lovchiga jarima solindi. Transport vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil boshidan buyon 79 618 nafar yo‘lovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan bo‘lib, shundan 10 535 tasi iyul oyiga to‘g‘ri keladi.
Vazirlikning xabar berishicha, chiptasiz yurgan yo‘lovchilarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 144-moddasi 5-qismi (Yo‘lovchining trolleybusda, tramvayda, shahar ichida va shahar atrofiga qatnaydigan avtobusda chiptasiz yurishi) asosida chora ko‘rilgan. Har bir qoidabuzarga BHMning o‘ndan bir qismi, ya’ni 41,2 ming so‘m miqdorida jarima qo‘llanilgan.
Shu tariqa, yil boshidan buyon undirilgan jarimalarning umumiy summasi 1 milliard 988 million so‘mni tashkil etgan. Shundan 234,6 million so‘mi iyul oyida undirilgan.
Transport vazirligi avtobuslarda to‘lov intizomini oshirish maqsadida muntazam nazorat reydlari o‘tkazilayotganini qayd etdi. Xususan, yo‘l haqi tushumi kamayib borayotgan yo‘nalishlarda maqsadli tekshiruvlar tashkil etilgan. Iyul oyida 17 ta, yil boshidan buyon esa 82 ta avtobus yo‘nalishida bunday nazorat tadbirlari o‘tkazilgan.
Vazirlik jamoat transporti tizimining barqaror ishlashi yo‘l haqi tushumlariga bog‘liqligini ta’kidlab, yo‘lovchilarni yo‘l haqini o‘z vaqtida va belgilangan tartibda to‘lashga chaqirdi. Bu avtobuslar harakati muntazamligini ta’minlash, xizmat sifatini oshirish va jamoat transportini rivojlantirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, yanvar-mart oylarida Toshkent avtobuslarida yo‘l haqini to‘lamaganlarga nisbatan 32 mingdan ortiq bayonnoma rasmiylashtirilgan edi. Chiptasiz yurganlarni jarimaga tortish 2025-yil 14-martdan boshlangan va o‘sha yil oxirigacha chiptasiz yurgan yo‘lovchilar 22 500 nafarni tashkil qilgan.
“Toshshahartransxizmat” 2026-yilning 4 oyida Toshkent avtobuslarida yo‘l haqini to‘lamagan 50 mingdan ortiq fuqaro jarimaga tortilganini ma’lum qilgandi. Yaqin orada chiptasiz yo‘lovchilarni sun’iy intellekt orqali nazorat qilishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilayotgani ham aytilgandi.
Hukumat qaroriga muvofiq, 1-sentabrdan avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi (validator) bilan jihozlangan avtobuslarda yo‘l haqini transport kartasi, bank kartasi, smartfon yoki boshqa kontaktsiz elektron to‘lov vositalari orqali avtobusga chiqish paytida to‘lash talab etiladi. Agar yo‘lkira avtobusga chiqish vaqtida to‘lanmasa, yo‘lovchi chiptasiz yurgan deb hisoblanadi.

