Toshkentda Lexus va Cobalt to‘qnashdi
Toshkent shahrining Yunusobod tumanida Lexus va Cobalt rusumli avtomobillar ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Lexus haydovchisi rul boshqaruvini yo‘qotishi oqibatida ikki avtomashina to‘qnashgan.

Toshkentda Lexus va Cobalt avtomobillari ishtirokida yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB YHXB xabar berdi.
Voqea 30-iyul kuni soat 01:20 da Yunusobod tumanidagi Alisher Navoiy va Shahrisabz ko‘chalari kesishmasida sodir bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2004-yilda tug‘ilgan haydovchi boshqaruvidagi Lexus ruldagi boshqaruvni yo‘qotgan. Natijada avtomobil shu yo‘nalishda oldinda ketayotgan, 2000-yilda tug‘ilgan haydovchi boshqaruvidagi Cobalt avtomobili bilan to‘qnashgan.
Ayni paytda Toshkent shahar IIBB YHXB mas’ul xodimlari tomonidan ushbu yo‘l-transport hodisasi bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati haydovchilarni yo‘llarda belgilangan qoidalarga qat’iy rioya qilishga, tezlikni nazorat qilishga hamda o‘zlari va boshqa harakat ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlashga chaqirdi.

